Vazir kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar rahbarlari bilan muloqot qildi
2023-yil 9-iyun kuni Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari professional taʼlim muassasalari rahbarlari bilan muloqot oʻtkazdi. Yigʻilishda 2023/2024-oʻquv yili uchun qabul jarayonlariga tayyorgarlik, dual taʼlim shaklini rivojlantirish, oʻquv-metodik taʼminotni yaxshilash, oʻquvchilarining ishlab chiqarish amaliyotlariga jalb etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Hozirda Andijon viloyatida 33 ta kasb-hunar maktabi, 16 ta kollej, 18 ta texnikum, Namangan viloyatida 27 ta kasb-hunar maktabi, 16 ta kollej, 19 ta texnikum, Fargʻona viloyatida 32 ta kasb-hunar maktabi, 21 ta kollej, 23 ta texnikum faoliyat yuritmoqda. 2023/2024-oʻquv yili professional taʼlim muassasalariga oʻquvchilar qabulini yuqori saviyada shaffof tashkil etish maqsadida elektron platformadan unumli foydalanilish zarurligi qayd etildi.
Yigʻilishda shuningdek, dual taʼlim, yaʼni taʼlim muassasasi bilan ish beruvchi korxona hamkorlikda oʻquvchilarni oʻqitish tizimini yanada kengaytirish va dual taʼlim shakli boʻyicha qabul parametrlarini oshirish lozimligi taʼkidlandi.
Professional taʼlim muassaslarida xorijiy tillarni oʻrgatish, bunda oliy taʼlim muassasalari pedagog-kadrlari, professor-oʻqituvchilarini jalb etish amaliyoti ham bugungi kunda dolzarb boʻlib, bu borada qator texnikum va kollejlarda ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Vazir ushbu amaliyotni yanada kengaytirish orqali bitiruvchilarning ichki va tashqi mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish lozimligini qayd etdi.