Yangiliklar

Tyuring Federal yerlari hukumati delegatsiyasi bilan taʼlim, startaplar va ilmiy loyihalarni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi

2023-yil 27-aprel kuni Germaniyaning Tyuring Federal Yerlari hukumat delegatsiyasi aʼzolari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tashrif buyurdilar. Tyuringning iqtisodiyot, oliy taʼlim va raqamlashtirish bo‘yicha Davlat kotibi Karsten Filler boshchiligidagi delegatsiyani vazir Ibrohim Abdurahmonov qabul qildi.

Tomonlar Germaniya hukumati va yirik kompaniyalari bilan hamkorlikda professional taʼlim tizimini yangi darajaga ko‘tarish, talabalar va yoshlar uchun sun'iy intellekt bo‘yicha yozgi maktablarni tashkil etish, startap ekotizimini rivojlantirish, olimlar uchun qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovlarini o‘tkazish, yosh tadqiqotchilarni Germaniyaning yetakchi ilmiy markazlari va universitetlariga stajirovkalarni tashkil qilish kabi masalalarni muhokama qildilar.

Suhbat davomida Germaniyada yosh mutaxassislarga bo‘lgan talab yuqoriligi qaydi etildi.

Yoshlar almashinuvi nafaqat yoshlarning o‘ziga, balki davlat siyosati uchun ham muhimdir, – deb qayd etdi Karsten Filler. – Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlanishi aynan kelajak avlod qo‘lida. O‘z navbatida, malakali kasb egalarining bir necha yil davomida Germaniyada ishlab, tajriba orttirishlari va bu tajribani O‘zbekistonga olib kelishlari respublika iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir qiladi, deb o‘ylayman.

Vazir I.Abdurahmonov O‘zbekistonda turli yo‘nalishlarda ilmiy maktablar, universitetlar, texnikum va kollejlar faoliyat yuritayotgani, ularning rivojlanishi, taʼlim sifatining oshishida xalqaro hamkorlik, xususan Germaniyaning taʼlim sohasidagi yutuqlarini tatbiq etish muhim ekanini qayd etib, mazkur davlat bilan hozirda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yana-da kengaytirish lozimligini taʼkidladi.

Tomonlar ikki mamlakatda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro innovatsion, ilmiy tadbirlarda ikki davlatlar olimlari, startapchilar, innovatsion korxonalar, ixtirochilar innovatorlar ishtirokini taʼminlash zarurligini qayd etdilar. Xususan, germaniyalik mehmonlar yurtimiz vakillarini iyun oyida Tyuringda bo‘lib o‘tadigan Innovatorlar kunida ishtirok etishga taklif qildilar. Shuningdek, Germaniya tomoni har yili anʼanaviy tarzda o‘tkaziladigan InnoWeek.uz-2023 innovatsion g‘oyalar haftaligida ishtirok etishga taklif etildi.

Manba: edu.uz

198