Yangiliklar

“Yoshlar bilan ishlash – hayot-mamot va xavfsizlik masalasi”

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlaridagi yoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida koʻtarilgan masalalar, berilgan topshiriqlar muhokama qilindi.

I.Abdurahmonov Prezidentimizning “Yoshlar bilan ishlash – hayot-mamot va xavfsizlik masalasi” degan gaplariga alohida urgʻu berib, yoshlarning bilim olishlari, rivojlanishlari uchun soʻnggi yillarda ko‘plab imkoniyat yaratilayotgani va sharoitlarni kengaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berilganini qayd etdi. Mana shu sharoitlardan unumli foydalanish zarurligi haqida gapirarkan, vazir yoshlarga oʻz hayotidan misollar keltirib, muvaffaqiyatga erishish yoʻlidagi maslahatlarini berdi.

Oʻz oldiga katta maqsadlar qoʻyish va bu maqsadlarga erishishda oʻzini ayamaslik, oldinda turgan turli toʻsiqlardan oʻtish uchun bor imkoniyatlarni ishga solish, muammolarni koʻra bilish, ularning yechimini topish hamda hal qilish, atrofida jamoa shakllantirish va hamkorlikda ishlash lozimligini aytdi. Shu bilan birga mana shu ulkan maqsadlar Vatan rivoji, taraqqiyoti, kelajagi uchun xizmat qilishi zarurligi muhim ekanligi qayd etildi.

Uchrashuv davomida yoshlar ham soʻzga chiqib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, turli takliflarni bildirdilar. Xususan, vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlaridagi yosh kadrlarni rotatsiya qilish, ularga bevosita oliy taʼlim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratish kabi takliflar uchrashuv ishtirokchilari tomonidan iliq kutib olindi.

Manba: edu.uz

234