Yangiliklar

Professional taʼlim muassasalarida yoshlar fransuz tili asosida kasbga tayyorlanadi

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida Fransiyaning Lion 2 va Grenobl universitetlari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Vazir Ibrohim Abdurahmonov Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi attashesi S.Bellini, Lion 2 universiteti Fransuz tili xalqaro markazi direktori F.Violay, Grenodbl universiteti fransuz tilini oʻqitish markazi direktori oʻrinbosari G.Karcherni qabul qildi.

Tomonlar Oʻzbekiston oliy va professional taʼlim muassasalarida fransuz tilini oʻqitish holati va darajasi, ushbu taʼlim yoʻnalishini rivojlantirish boʻyicha fikr almashdilar. Xususan, 11 ta kollejda fransuz tilini oʻqitish dasturlari mavjudligi, shuningdek, qator oliy taʼlim muassasalarida Fransiya universitetlari bilan oʻrnatilgan aloqalar natijasida fransuz tili dasturlarining tashkil etilganligi qayd etildi.

Fransiya tomoni til dasturlari bitiruvchilarining malaka darajasini koʻtarish maqsadida 90 soatlik taʼlim dasturlari davomiyligini uzaytirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida fikr bildirdi.

Shu bilan birga, muzokarada fransuz tilini oʻqitishni rivojlantirish va universitetlararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida oliy va professional taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun qisqa va uzoq muddatli dasturlarni tashkil etish, Fransiyadan fransuz tili oʻqituvchilarini Oʻzbekistonga jalb qilish takliflari ham oʻrin oldi. Tomonlar, shuningdek professional taʼlim muassasalarida yoshlarni kasbga va fransuz tili koʻnikmalariga tayyorlash hamda ularni ushbu mamlakat kompaniyalariga ishga jalb qilish masalalarini muhokama qilishdi.

Manba: edu.uz

187