Huawei kompaniyasi bilan Oliy taʼlim tizimini raqamlashtirish borasida ham hamkorlik qilinadi
2023-yil 3-aprel kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim AbdurahmonovHuawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi Bosh direktori Chen Szyakayni qabul qildi.
Uchrashuvda oliy taʼlim tizimini, xususan oliy taʼlim muassasalarini raqamlashtirish, axborot texnologiyalari mutaxassislari uchun maxsus treninglar tashkil etish orqali ularning malakasini oshirish, Huawei kompaniyasining raqamlashtirish, sunʼiy intellekt sohalaridagi texnologiyalarini joriy qilish masalalari muhokama etildi.
Vazir I. Abdurahmonov pandemiya davrida keng qoʻllanilgan onlayn taʼlim tizimini rivojlantirish va undan keng foydalanish zarurligini taʼkidlab, buning uchun kompaniyaning imkoniyatlaridan foydalanish boʻyicha oʻz fikrini bildirdi. Shuningdek, talabalar uchun yozgi maktablar tashkil etish orqali boʻsh vaqtlarini samarali oʻtkazishlariga sharoit yaratish, shuningdek eshitish va nutqida nuqsoni bor talabalar uchun sunʼiy intellektga asoslangan platforma ishlab chiqish takliflarni ilgari surdi. Bundan tashqari, dual taʼlim tizimi boʻyicha yoshlarning Huawei kompaniyasida tajriba orttirish imkonini berish masalasi koʻrib chiqilishiga kelishildi.
Mehmonlar xorijiy IT-kompaniyalarida chet tillarini biladigan dasturchilarga boʻlgan talab yuqori ekanligini qayd etib, bu yoʻnalishda ham taʼlimni tashkil etish masalasi dolzarbligini taʼkidladilar. Shuningdek, respublikamizning har bir viloyatidagi innovatsion hududlar, vazirlik tasarrufidagi texnoparklar, akseleratorlar va boshqa innovatsion infratuzilma obyektlarida ham raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalariga doir dasturlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.