Vazir xorazmlik olim va talaba-yoshlar bilan uchrashdi
Joriy yilning 31-mart sanasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida Xorazm viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professor-oʻqituvchilari va talaba-yoshlar bilan uchrashdi.
Unda vazir soʻnggi yillarda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimidagi tub oʻzgarishlar, taʼlim jarayonini sifat jihatidan yuqori darajaga koʻtarish boʻyicha olib borilayotgan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga toʻxtaldi.
Suhbat davomida I.Abdurahmonov qator taklif va tavsiyalarni ilgari surib, taʼlim va tarbiya jarayonida har bir professor-oʻqituvchi dars jarayonlari avvalida, albatta, buyuk ajdodlarimiz Al-Xorazmiy, Jaloliddin Manguberdi siymolari haqida talaba-yoshlarga yangi-yangi maʼlumotlar berib borishi lozimligini taʼkidladi. Har bir taʼlim muassasasi butun bir jamoani birlashtiradigan, unda faxr-iftixor tuygʻusini shakllantiradigan “Sharaf kodeksi”ni yaratishi, taʼlim jarayonida professorlardan unumli foydalanish maqsadida “Teaching assistant” va “Researching assistant” lavozimlarini joriy qilishi lozimligini bildirdi.
Xorazmlik olimlar, professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida fikr va takliflarini bildirishdi. Xususan, yoshlar oʻzlarining startap hamda innovatsion loyihalarining mohiyati va amaliyotdagi ahamiyati haqida gapirib berdilar, vazirdan ushbu loyihalarni qoʻllab-quvvatlanishini soʻradilar.
Vazir barcha bildirilgan taklif va tashabbuslarni tinglab, ularning ijobiy hal etilishi hamda qoʻllab-quvvatlanishini alohida taʼkidladi, bu borada masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.