Yangiliklar

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoraqalpogʻistonda

2023-yilning 29-mart kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professor-oʻqituvchilar va talaba-yoshlar bilan uchrashdi.

Unda vazir soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari, taʼlim jarayonini sifat jihatidan yuqori darajaga koʻtarish boʻyicha bajarilayotgan ishlar hamda kelgusi vazifalarga toʻxtaldi.

Uchrashuvda qoraqalpogʻistonlik olimlar, professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovga sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi fikr va takliflarini bildirdi.

Xususan, barcha oliy taʼlim muassasalarida masofaviy taʼlimni takomillashtirish maqsadida yangi platforma ishlab chiqish "Yosh ijodkorlar" klubini tashkil etish, mashhur musavvirlarning ijodiy ishlaridan iborat koʻrgazmalar tashkillashtirish, "Universiada" sport oʻyinlari qatoriga paralimpiya oʻyinlarini kiritish, talabalarning xorijda hamda respublikamiz oliy taʼlim muassasalarida akademik almashinuvlarini yoʻlga qoʻyish, respublikamizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlarning ilmiy jurnallarida qoraqalpoq tilida ham maqolalarni chop etish imkoniyatini yaratib berish, shuningdek, yoshlar oʻzlarining startap hamda innovatsion loyihalarining vazirlik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi yuzasidan takliflar bildirildi.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov bildirilgan takliflar va koʻtarilgan masalalarni birma-bir tinglab, ularning ijobiy hal etilishi hamda qoʻllab-quvvatlanishini alohida taʼkidladi va masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Manba: edu.uz

237