O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririga bergan intervyusi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharririga bergan intervyusi.
– Avvalo, sizni dunyodagi eng nufuzli mukofotlardan biri – YUNESKO-Ekvatorial Gvineya xalqaro mukofoti sohibi bo‘lganingiz bilan samimiy tabriklaymiz. Ruxsatingiz bilan, bu mukofotni nafaqat sizning yutug‘ingiz, balki Yangi O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans voqeligining yorqin natijasi sifatida ham qabul qilamiz. Suhbatimiz avvalida bu mukofotga erishish jarayoni va mukofotning tasnifi haqida gapirib bersangiz.
– YUNESKOning mazkur mukofoti 2012 yildan buyon olimlarning hayot to‘g‘risidagi fanlar bo‘yicha erishgan yutuqlari, asosan, aholi og‘irini yengil qilish, hayotini yaxshilashga qo‘shgan hissasi uchun berib kelinmoqda. Janubiy Afrika, Meksika, Misr, Peru, Burkina-Faso, Eron, Braziliya, Hindiston, Senegal, Portugaliya, Isroil, AQSh, Irlandiya, Xitoy, Buyuk Britaniya olimlari mazkur mukofot g‘olibi bo‘lgan.
Mukofot har yili 3 kishiga beriladi, bu yil istisno tariqasida 4 kishi g‘olib topildi — mendan tashqari, Misr, Litva va Xitoy olimlari o‘rtasida taqsimlandi. Mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSh dollari bo‘lib, bu yil har bir sovrindorga 87 ming 500 AQSh dollari miqdorida berilishi e’lon qilindi.
Mukofotning salmog‘i haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘tgan yillardagi g‘oliblarga nazar tashlashning o‘zi kifoya. Masalan, 2022 yilda AQSh Xalqaro nanotexnologiyalar instituti direktori va Shimoli-g‘arbiy universitet tibbiyot professori Chad Mirkin kasalliklarni aniqlash va yangi genetik markerlarni yaratish bo‘yicha sohada ulkan burilish yasagan nuklein kislota va nanotuzilmalarga doir kashfiyoti, dori-darmonlarining raqamli dizayni va ratsional vaksinalogiya sohasidagi ishlanmalari uchun taqdirlandi. Xuddi o‘sha yilgi yana bir g‘olib xitoylik professor, Chjeszyan universitetining Infeksion kasalliklarni davolash davlat bosh laboratoriyasi direktori Li Lanjuan yuqumli kasalliklar, xususan, COVID-19, gripp, virusli gepatitni davolashdagi novatorlik yondashuvlari, shuningdek, bemorlarning hayot sifati oshishiga olib kelgan noyob sun’iy jigar yaratgani uchun e’tirof etildi. London Imperial kolleji Biotexnologiya muhandisligi instituti asoschisi, Biotexnologiya markazi direktori, professor Kristofer Tumazu erta diagnostika uchun mo‘ljallangan tibbiyot uskunalariga kremniy texnologiyalarini joriy etgani, bu orqali saratonni bakterial va virus kasalliklari alomatlari paydo bo‘lmasidan avval aniqlab, davolash imkoniyatini yaratgani uchun mukofotlandi.
Biz 2000-yillarda 300 dan ortiq molekular markerni o‘rgandik, fanda yetakchilardan bo‘lib DNK markerlar to‘plamini klonlab, g‘o‘zaga tatbiq qilish bo‘yicha tadqiqotlar olib bordik.
O‘zbekistondagi paxta urug‘lari bankidagi mavjud navlarni molekular markerlar orqali tahlil qildik. Ulardagi genlarni o‘rganib, qurg‘oqchilikka, turli kasalliklarga, sho‘rlikka chidamliligi kabi xususiyatlarga javob beradigan genlari mavjud navlarni aniqlaganmiz. Dunyoda birinchi marta molekular markerlardan foydalanib, rekombinatsiya bloklari (LD) o‘lchamlarini aniqlaganmiz. LDga asoslangan assotsiativ kartalashtirish, ya’ni chatishtirish o‘tkazmasdan turib genofondda bor o‘simliklarni molekular markerlar orqali tekshirib, ularning xususiyatlarini ochib berish usulini ishlab chiqqanmiz. Ilk bor 2008 yilda xalqaro ilmiy jurnalda bu haqda maqola e’lon qilganmiz. Bu texnologiyani ham madaniy, ham yovvoyi paxta navlarid sinovdan o‘tkazdik. 2017 yilda uzun tolali paxta navlarida ham molekular markerlarni qo‘llab, 2021 yilda tolasi uzun, shu bilan birga, yuqori hosil beradigan, ertapishar “Ravnaq” paxta navini taqdim etib, bu haqda xalqaro ilmiy jurnallarda maqola chop etdik.
Gap shundaki, paxtachilikdagi muammolardan biri paxtaning bir xususiyati yaxshilansa, ikkinchi foydali xususiyati kamayishida ko‘zga tashlanadi. Masalan, ertapishar yoki uzun tolali navlar hosildor, ko‘p hosil beradigan navlarning esa sifati pastroq bo‘ladi. Shu negativ korrelyatsiyani molekular markerlar yordamida buzib, yangi nav yaratish uchun markerlarga asoslangan seleksiya texnologiyasini ishlab chiqdik. Mana shu 20 yillik ishimiz e’tirof etilib, mukofotga loyiq topilishi nafaqat mening, balki maslakdoshlarim va shogirdlarimning ham yutug‘idir.
Shu o‘rinda olimlar muvaffaqiyatida ularning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi naqadar muhimligini aytmoqchiman. Mana shu tadqiqotlar olib borilgan Genomika va bioinformatika markazi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va bevosita qo‘llab-quvvatlovi bilan hali Bosh vazirlik davrida qurib berilgan, eng so‘nggi laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan edi. Prezidentimiz o‘sha paytlarda ham olimlarga, tadqiqotchilarga o‘zgacha mehr berib, e’tibor qaratardi. Mustaqillikdan keyingi davrda jahonda tanilgan ilmiy maktablarimiz yo‘qolib ketmasligida Shavkat Mirziyoyevning qat’iy irodasi katta rol o‘ynagan. Davlatimiz rahbari ishdan bo‘sh paytlari – kechalari markazimiz qurilishiga, undan keyin markaz faoliyati bilan tanishishga kelib turardi. Har bir tashrifi va amaliy qo‘llab-quvvatlovi jamoamizni matonat va shijoat bilan ishlashga ruhlantirardi.
– 2023 yil mamlakatimiz tarixida ma’muriy islohotlar yili sifatida qoladi. Zero, davlat boshqaruvida jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi birlashtirildi. Bu keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in va katta umidlar bilan kutib olindi. Bugun siz ana shu vazirlikka – mamlakat taraqqiyoti va farovon hayot ta’minotini hal qiluvchi tizimga rahbarlik qilyapsiz. Albatta, innovatsiya va ilm birlashishi juda jiddiy o‘zgarishlarga asos bo‘ladi. Ayting-chi, bugun bu sohada mamlakatimizda qanday yangi islohotlar kutilmoqda?
– Oliy ta’lim iqtidorlarni rivojlantirish, yo‘naltirish, eng so‘nggi bilim va ko‘nikmalar bilan tanishtirishni nazarda tutadi. O‘z navbatida, so‘nggi yillarda innovatsion rivojlanish borasidagi islohotlar natijasida inson kapitali, inson resurslari, inson omiliga katta e’tibor qaratildi. Natijada oliy ta’lim qamrovi kengaydi, universitetlar soni sezilarli darajada oshdi. Avval oliy ta’limni jonlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan bo‘lsa, galdagi vazifamiz oliy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning hamohangligi, bir-biriga uyg‘unligini ta’minlashdir.
Ilm-fan bilan oliy ta’lim integratsiyasi uzoq yillardan buyon muammo bo‘lib kelgan va hozir ham kun tartibimizdagi asosiy masalaligicha qolmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar rivojlanmas, talaba yoshlar ko‘proq ilmiy faoliyatga jalb qilinmas ekan, ta’lim sifatini oshirib bo‘lmaydi.
Islohotlar davrida biznes yuritish, tadbirkorlik shiddat bilan rivojlandi, yangi tarmoq korxonalari paydo bo‘ldi, klasterlar tizimi yo‘lga qo‘yildi. Endi oliy ta’lim muassasalari ularga sifatli kadrlar zaxirasini yaratib berishi kerak. Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash asosiy vazifamiz bo‘lib turgan hozirgi jarayonda oliy ta’limning ishlab chiqarish va ilm-fan bilan integratsiyasini ta’minlash o‘ta muhim.
Talabalarni tarmoq korxonalari, xususiy ishlab chiqarish ob’ektlari faoliyati bilan o‘quv jarayonining o‘zida tanishtirib borish lozim. Bitiruvchilarimizni to‘laqonli yangi texnologiyalarga moslashgan, ishlab chiqarishni tushunib yetadigan mutaxassis sifatida shakllantirish asosiy vazifamiz. Oliy ta’lim sifati va qamrovini muntazam oshirish bilan birga, o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash ham muhim. Professional ta’limga asoslangan ixtisoslashgan maktablar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Shu bilan birga, hozir davlatimiz oldida turgan eng katta vazifalardan biri — raqamlashtirish. Hukumatimiz iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamlashtirish ustida ishlayotgan ekan turli soha mutaxassislarining axborot texnologiyalaridan xabardor bo‘lishini ta’minlashimiz darkor. Aynan raqamlashtirish orqali iqtisodiy samara bir necha barobar oshishi isbotlangan.
Hozir ilm-fanni moliyalashtirishga katta mablag‘ ajratilyapti. Davlatimiz ta’lim, ilm-fan, innovatsiyalar va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishga katta mablag‘ ajratib, yirik islohotlarni amalga oshiryapti.
Endigi vazifamiz ilm-fanga xususiy sektor investitsiyasini kengroq jalb etishdir. “2022 yil uchun ilm-fan bo‘yicha milliy ma’ruza”da keltirilgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ilm-fanni moliyalashtirishda xususiy sektorning ulushi 5 yil oldingi holat bilan solishtirganda qariyb 6 barobar oshgan. Bu juda katta ko‘rsatkich.
Ilgari 8 foizgina tarmoqlar ilm-fanni moliyalashtirar edi. Hozir bu ko‘rsatkich qariyb 30-40 foizga yetdi. Bu jahon tajribasida ham juda yaxshi ko‘rsatkich sanaladi. Shunday bo‘lsa-da, ilm-fan va ta’limga ajratilayotgan mablag‘ning aksariyati baribir davlat hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Xususiy sektorni ilm-fan bilan shug‘ullanishga qiziqtira olmayotganimizning sababi – sifatli kadrlar taqchilligi. Rivojlanayotgan sanoatimizni boshqaruvchi kadrlar sifatli bo‘lsagina, ular ilm-fan yoki ta’limning qadrini bilgan holda, hech ikkilanmay mablag‘ni manzilli sarflay oladi. Tarmoq korxonalarini muayyan universitet yoki tadqiqot institutlariga majburan biriktirish bilan ish bitmaydi. Shu bois, biz endi tarmoqlarga birinchi qadamni o‘zimiz tashlamoqchimiz. Tarmoqlarda muhandislik maktablari tashkil qilib, unga talabalarni jalb qilamiz.
Shuningdek, vazirlik tarkibidagi Bilim va malakalarni baholash agentligi orqali xorijiy tillar qatorida turli yo‘nalishlardagi bilimlarni baholash tizimini yangilashimiz taqozo qilinadi. Sababi, malakali kadrlarni saralash, ularni iqtidori va bilimiga yarasha rag‘batlantirish ta’lim sifati oshishiga sabab bo‘luvchi omillardandir.
Qolaversa, ilmiy kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ham juda ko‘p muammolar mavjud. Aytaylik, ilmiy kadrlar tayyorlash yoki ilmiy daraja berish tizimimiz jahon andozalariga mos kelmaydi. Oxirgi yillarda bu sohada ham ko‘p islohotlar qilindi, lekin jahon tizimiga integratsiyalash, ya’ni ilmiy malakali kadrlarni tayyorlash va ularga ilmiy daraja berish masalasida ham Oliy attestatsiya komissiyasi bilan yangi tizimni shakllantirishimiz lozim.
Universitetlarda akademik bandlik darajasi oshishi kerak. Har bir professor-o‘qituvchining o‘z brendiga aylangan predmeti bo‘lishi shart. Bu bo‘yicha ham tashkiliy islohotlar qilamiz. Shunda abiturient falon universitetning mana bu yo‘nalishida falonchi professorning qo‘lida o‘qiyman, degan orzular bilan o‘qishga kirishga tayyorlanadi.
O‘z navbatida, har bir universitetning o‘z brendi bo‘lishi zarur, deb o‘ylayman. Talabalar qaysidir soha uchun universitetlarni o‘zi qidirib kelishi lozim. OTMlar iqtidorli yoshlarni o‘qitish uchun o‘zaro kurashishi kerak. Agar biz shunday tizim qilsak, sifat o‘z-o‘zidan ta’minlanadi.
Universitetlarimizning o‘z an’analarini shakllantirish kerak. Ular nafaqat bilim o‘chog‘i, balki tarbiya maskani ham bo‘lsin. Universitetlarda turli sohalarni qamrab olgan talabalar kengashlari, jamiyatlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. OTMda shakllangan an’analar bitiruvchilarni, ularning oilalari va farzandlarini ma’nan birlashtirishi, ular orqali umuminsoniy qadriyatlar jamiyatimizga singdirilishi muhim.
Adabiyot, san’at, ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlar orqali talabalarda ijodkorlikni, didni shakllantirib borishimiz kerak. Raqamlar bilan ishlash juda yaxshi, lekin quruq raqam bilan rivojlanish bo‘lmaydi. Ilm-fan, innovatsiya va ta’limni milliy qadriyatlarimizga hamohang tarzda insonparvarlik tamoyillari bilan sug‘orilgan ruhan tetiklik, sog‘lom tan va aql hamda zamonaviy intellektni shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadga muvofiq.
– Prezidentimiz bir intervyusida buyuk ajdodlarimiz orzu-umidlari, jadid bobolarimiz maqsadu muddaolari haqida gapirar ekan, jumladan, bunday degan edi: “Bugungi kunda xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida ana shunday ulug‘ ajdodlarimiz, umuman olganda, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlariga asos solgan alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari mujassam, desak adashmagan bo‘lamiz”. Biz bugun ajdodlarimizning ana shu armonlari va orzu-intilishlarini ilm-fan yo‘lida qay darajada ro‘yobga chiqara olyapmiz? Umuman, Yangi O‘zbekiston ilm-fanining bugungi darajasi qay ahvolda?
– O‘zbekistonda dunyoning raqobatbardosh innovatsion iqtisodiyotini shakllantirish jarayoni faol kechmoqda. Shu bilan birga, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida 2022 yilda 2021 yildagiga nisbatan ko‘rsatkichlar, asosan, ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. Hozir ilm-fanga xarajatlar hajmi nominal ko‘rinishda 16 foiz, ilmiy tadqiqot ishlari hajmi 12,3 foiz oshdi va 744,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Olimlarimizning xorijiy jurnallardagi ilmiy chiqishlari barqaror o‘sishda davom etmoqda, intellektual mulk ob’ektlari soni 2,3 barobar oshdi. Tadqiqotchilarning umumiy soni 33 foiz, ayollarning ulushi esa 13 foiz, fan doktorlari (DSc) va falsafa doktorlari (PhD) mos ravishda 24 foiz va 52 foiz ko‘paydi.
Global innovatsion indeksi reytingida O‘zbekiston 2015 yildagiga nisbatan 40 pog‘ona ko‘tarildi. Hozir mazkur reytingda 82-o‘rinda turibmiz. O‘zbekiston ilk bora “2022 yilda innovatsiyalar bo‘yicha global yetakchilar” sifatida alohida qayd etildi. Ya’ni O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida Hindiston va Erondan keyin innovatsiyalar bo‘yicha TOP-3 talik davlatlardan biri bo‘ldi.
2019 yildan buyon kiritilgan GII reytingidagi muhim ko‘rsatkichlardan biri “Innovatsiyalar sohasida kutilgan natijadan yuqori yutuqlar” bo‘lib, har yili GII ekspertlari tomonidan barcha to‘rt guruh mamlakatlari uchun jon boshiga daromad darajasi bo‘yicha tuziladi. Ushbu ro‘yxatga cheklangan imkoniyatlar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidan qat’i nazar, innovatsion taraqqiyot bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan mamlakatlar kiritiladi.
Aholi jon boshiga o‘rtacha daromadi past bo‘lgan davlatlarni sarhisob qilish rivojlanayotgan mamlakatlarni aniqlash imkonini beradi. 2022 yilda O‘zbekiston GII reytingi tarixida birinchi marta aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotda innovatsiyalarga sarflangan mablag‘lar darajasidan qat’i nazar, innovatsion rivojlanish bo‘yicha kutilganidan yuqori yutuqlarga erishgan davlatlarning TOP-10 taligiga kirdi.
Ekspertlar fikricha, mamlakatimizda keyingi 10 yil ichida quyidagi sohalar ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lishi kerak: axborot texnologiyalari (11 foiz), tibbiyot (10 foiz), texnik fanlar (9,7 foiz), kimyo, fizika, nanotexnologiya va qishloq xo‘jaligi kabi fan sohalari. Hozir aynan mana shu sohalarda ilmiy ishlar ko‘lami keng va salmoqli. YUNESKOning xalqaro mukofoti bilan taqdirlanishim ham mana shu sohalarga alohida e’tibor qaratilayotgani mevasidir.
2017 yilgacha ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish ishlari juda sust edi. Hozir ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘lgan 125 milliard so‘mlik mahsulot sotildi. Bu yil mazkur ko‘rsatkich 2 barobar oshishi – 250 milliard so‘mlik mahsulot sotilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda dunyoning raqobatbardosh innovatsion iqtisodiyotini shakllantirish jarayoni ketmoqda. Hukumat mamlakat iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirishda ilmiy faoliyat ko‘lamini izchil kengaytirish, texnologiyalar transferini tijoratlashtirish va samaradorligini ta’minlash, startap ekotizimini to‘liq shakllantirish, innovatsion faol, tashabbuskor jamiyatni qo‘llab-quvvatlash, raqobatbardosh mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish, ilmiy hajmdor va innovatsion ishlanmalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini oshirish orqali ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalardan iqtisodiy samaradorlikka o‘tish, chekka hududlar aholisi hayotiga innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan rivojlanish choralarini ko‘rmoqda.
Yoshlarni ilm-fan va innovatsiya sohasiga jalb etish bo‘yicha ishlar faol kechmoqda. Respublika miqyosida yoshlar akademiyasi a’zolari loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 3 ta yirik tanlov tashkil etildi: “Bo‘lajak olim”, “Ayollarning biznesga birinchi qadami” va “Student Idea Challenge”. Bu loyihalar natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.
– Dunyo siyosatida “Davlatlar oliy ligasi” degan termin bor. Bu oliy ligaga kirish uchun bizning bugungi ziyolilar qatlami, olimu yosh tadqiqotchilarimizning ilmiy salohiyati yetarli, deb o‘ylaysizmi? O‘zi bu yo‘lda ilm-fan va innovatsiyalarning roli qay daraja muhim?
– “Davlatlar oliy ligasi” deganda yetakchi mamlakatlar nazarda tutiladi. Nazarimda, yetakchi mamlakatlar qatoridan o‘rin olish uchun imkoniyatlarimiz yetarli. Biz yoshlar mamlakatimiz va ularning iqtidorini kashf etishimiz, katta sahnaga olib chiqishimiz zarur. Iqtidorlilarni qidirib topsak, unib, rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratsak, “oliy liga”ga kiramiz. Yutug‘imiz shundaki, biz “o‘yin”ga endi kirib kelyapmiz. Demak, hozir oldimizda turgan vazifa juda qisqa tarixiy davr ichidagi oliy imkoniyat — iqtidorlarni yuzaga chiqarish.
Ayni paytda yoshlarga ishonch bildirish, ularning milliy g‘ururini shakllantirish va rivojlantirish ham muhim. Aynan shuning uchun O‘zbekistonning innovatsion rivojlantirish strategiyasida inson kapitaliga alohida urg‘u berilgan. Ikki vazirlikning birlashib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi nomi bilan qayta tashkil etilishi zamirida iqtidorlarni qisqa muddatda yuzaga chiqarish masalasi yotibdi.
Hozir yurtimizda aholi o‘sish sur’ati yuqori – har yili 900 mingdan ortiq chaqaloq dunyoga kelmoqda. Bu ta’lim muassasalari, xususan, oliy ta’lim muassasalariga bo‘lgan talab yildan-yilga o‘sishini anglatadi. O‘sib kelayotgan avlodga ta’lim-tarbiya berish, iqtidorlarni rivojlantirish, ularga shart-sharoit yaratish o‘ta muhim.
– Prezidentimiz o‘tgan yilgi Murojaatnomasida so‘nggi qisqa davrda oliy ta’lim muassasalari soni 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetgani, bu raqamlarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilganimiz haqida gapirib, “lekin ta’lim sifati nima bo‘ladi, degan savol hammamizni o‘ylantirishi kerak”ligini ta’kidlagan edi. Bugun oliy ta’limga qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi. Navbatdagi savolimiz oliy ta’lim muassasalarining soni va sifati haqida bo‘ladi. Bu savolga sizning javobingiz qanday?
– Ta’lim qamrovi kengayishi natijasida bosqichma-bosqich sifat ham osha boshlaydi. Bizda raqobat muhiti paydo bo‘ldi. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari endi bemalol raqobatlasha oladi va sifatga bo‘lgan talab ham oshadi. Shu bilan birga, iqtisodiyot rivojlanib, yangidan-yangi korxonalar, xususan, yuqori texnologiyali korxonalar paydo bo‘lyaptiki, ularning talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlashda oliy ta’lim muassasalari yangi ta’lim dasturlarini kiritish, pedagog-o‘qituvchilar malakasini oshirish, taniqli professorlarning sifatli ma’ruza o‘qishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan qator islohotlarni amalga oshirishi hayot talabiga aylanib bormoqda.
Agar bozorda talab bo‘lsa, sifat o‘z-o‘zidan ortadi. Hozir ta’lim olayotgan qariyb 1 million talabamiz yaqin kelajakda o‘z bilimi, malaka va g‘ayrati bilan mehnat bozoriga kirib borar ekan, o‘sha yerda haqiqiy raqobat boshlanadi. Ta’lim sifati, bir tomondan, bozorda ishchi o‘rinlari mavjudligiga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirishga xizmat qiladi va iqtisodiyotning o‘sishi bilan chambarchas bog‘liq. Iqtisodiyotning o‘sishi bilan ta’lim sifati ham oshib boradi. Bu qonuniyatdan ham ko‘z yuma olmaymiz.
– Suhbatimiz so‘ngida o‘ktam ilm kishisining ruhiyati va bu darajaga erishish yo‘li haqida aytib bersangiz. Chunki bu boradagi mulohazalaringiz ham yoshlarimiz uchun juda muhim. Ayting-chi, ilm yo‘li o‘zi nima va u qanday mezonlarga asoslanishi kerak?
– Ilm, haqiqatan, igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli mehnat. U o‘z-o‘zidan yuzaga chiqmaydi, katta fidoyilik talab qiladi. Ilm kishisi tartibli, intizomli bo‘lishi shart, oromning bahridan kechishi, hamisha izlanishga o‘zini majburlashi kerak. Ozgina bo‘sh keldingizmi, nimadandir ortda qolasiz. Olim sabr-toqatli, shu bilan birga, o‘ziga ishonchi kuchli bo‘lishi zarur.
Kashfiyot va ixtirolarni hayotning o‘zi taqdim etadi. Shu sababli ilm odami, avvalo, kuzatuvchan bo‘lishi, borliqqa, atrofidagi voqeliklarga, yangilanishlarga befarq qaramasligi lozim. Bulardan yorug‘lik, ya’ni ziyo izlashi darkor. Yurtimiz yoshlari yangi ixtirolarga zamin bo‘la oladigan voqeliklarga shohid bo‘lib ulg‘aymoqda. Bu borada men yozuvchi Isajon Sultonning “Genetik” romanini misol qilib keltirgan bo‘lardim. Chunki unda ayni shunday: borliqni kuzatish va mulohaza yuritish yangi kashfiyotlarga yo‘l ochib berishi haqida hikoya qilingan.
Bilim kishisi uchun g‘oya juda muhim, ya’ni har bir izlanuvchining o‘z g‘oyasi bo‘lishi zarur. G‘oya atrofimizdagi voqelik bag‘rida yashirin. Ba’zan jamiyat yangi g‘oyalarni qabul qilishga tayyor bo‘lmaydi, bundan xafa bo‘lmaslik kerak. Ilmiy g‘oyaning yaxshi-yomoni yo‘q, bugun bo‘lmasa, erta-indin ahamiyat kasb etadi. Uni tashlab qo‘ymay, jamiyatga foydali ekanini isbotlashga harakat qilish maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, inson har qanday g‘oyani o‘zi “elakdan o‘tkazishi” zarur. “Bu g‘oya ortida qanday ma’naviyat, qanday falsafa bor?”, “Elga, yurtga qanday foyda keltira oladi?” degan savollarni qo‘yishi samaralidir. Agar bu g‘oya hayotbaxsh bo‘lsa, undan voz kechmasdan, matonat va bardosh bilan tadqiqotlarni davom ettirish tahsinga loyiq.
Masalan, o‘simlikni qorong‘i joyga qo‘ysangiz, tezroq o‘sa boshlaydi. Hujayra ko‘payishi tezlashadi, soyadagi o‘simlik tezroq gullab, urug‘ tugishga urinadi. Sababi, qish kelishidan qo‘rqqani uchun tezroq hosil berishga, ya’ni avlod qoldirishga harakat qiladi. Tabiatda bu holat muttasil takrorlanib turadi. Buning falsafasi shuki, har qanday tiriklik o‘zidan mahsul qoldirishi kerak, tiriklikning buyuk falsafasi, mazmuni – o‘zidan zurriyot qoldirish. Quyosh uzoqlashishi, yorug‘lik va harorat kamayishi kuz kelishidan belgi bergani uchun o‘simlik va daraxtlar dunyosi o‘z ezgu vazifasini bajarishga intiladi. Shu falsafani bilgan holda, uni texnologiyaga aylantirishga katta kuch sarfladik va o‘ziga xos e’tirof etilgan “gennokaut” texnologiyasini yaratib, tolani uzaytirish va bir vaqtning o‘zida tezpishar, hosildor, chidamli navlarni yaratdik. Demak, har bir g‘oyaning falsafasini o‘ylab ko‘rish kerak. Tadqiqot zaminida falsafa bo‘lishi shart. Falsafiy yondashuv ilmga bejiz chambarchas bog‘liq emas. U orqali g‘oyalarning maqsadga muvofiqligi, uni davom ettirish to‘g‘risida xulosalar qilinadi. G‘oya egasi muayyan xulosaga kelgach, o‘z oldiga talab qo‘yib, unga erishishga harakat qilishi lozim. Shundayam, agar faraz rad etilsa, u noto‘g‘ri degani emas.
Kashfiyot uchun kurashish kerak. Ulug‘ mutafakkirlarimiz ilmni “yetti parda ortidagi xazina”, deb bejiz ta’riflamagan. Ishonch, matonat, sabr, shijoat bilan intilsa, natija albatta bo‘ladi.
Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish g‘oyasining ahamiyatini doim ta’kidlab keladi. Jaholatni zulmat desak, ma’rifat – nur. O‘simliklar yorug‘likka intilgani kabi, barchamiz bilim, ma’rifat ziyosiga intilishimiz, hayot mahsullarini berishimiz kerak. Davlatimiz rahbari ilgari surgan g‘oyalar va belgilab bergan maqsadlar yo‘lida jipslashishimiz, bilim, tajriba, qobiliyat va salohiyatimizni ulug‘vor maqsadlar sari yo‘naltirishimiz lozim. Shunda yashab o‘tgan umrimiz va mehnatlarimiz qiymat kasb etadi, el-yurtimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.