Germaniya va Oʻzbekiston: oliy taʼlim va ilm-fan sohasida hamkorlik
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Germaniya Federativ Respublikasida boʻlib, tashrif doirasida qator uchrashuvlar olib bordi va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qator kelishuvlarga erishdi.
Xususan, Germaniya Federal Taʼlim va tadqiqotlar vazirligi (BMBF) Davlat kotibi Tomas Reychel bilan uchrashuv oʻtkazildi. Uchrashuvda hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar muhokama etildi.
Uchrashuv natijasida tomonlar Oʻzbekiston–Germaniya olimlari oʻrtasida muloqotni rivojlantirish maqsadida Qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovini tashkil etish va ushbu maqsadda moliyaviy mablagʻlarni jalb etishga kelishdilar.
Oʻzbekistonlik yosh olimlar uchun ilmiy stajirovka dasturlarini tashkil etish. BMBF bilan hamkorlikda yurtimiz olim va tadqiqotchilarning Germaniyaning ilgʻor ilmiy muassasalari va laboratoriyalarida malakasi oshirilishi muhokama qilindi.
Shuningdek, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan “Oʻzbekistonda kasb-hunar taʼlimi tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlari qoʻllab-quvvatlash” hamda “Markaziy Osiyoda iqtisodiy oʻsish tarmoqlari uchun professional taʼlim” loyihalarini amalga oshirish boʻyicha muzokaralar olib borildi. Bundan tashqari, professional taʼlim sohasida Germaniyaning “KfW” banki koʻmagida “Professional taʼlim tizimini takomillashtirish” loyihasini qoʻllab-quvvatlashga kelishildi.