Pedagogik innovatsiyalar instituti va Leypsig kasbiy ta’lim va malaka oshirish markazi “ZAW Leipzig GmbH” o‘rtasida professional ta’lim sohasidagi hamkorlik kelishuvi imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya davlatlari o‘rtasida so‘ngi yillarda professional ta’lim tizimida bir qator hamkorlik ishlari sezilarli darajada amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Pedagogik innovatsiyalar instituti Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Nemis Xalq Universitetlari assotsiatsiyasi (DVV) va German Sparkassenstiftung for International Cooperation bilan tuzilgan hamkorlik shartnoma (Memorandim)lar asosida Germaniya tajribasi bo‘yicha yangi dual ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, yengil sanoat tarmoq malaka ramkalarini takomillashtirish, soha bo‘yicha kasbiy standartlarni ishlab chiqishda ishtirok etish, oziq-ovqat va logistika yo‘nalishlarida dual ta’lim dasturlarni ishlab chiqish, kattalarni o‘qitish, tadbirkorlikka o‘qitish o‘quv dasturlarini Germaniya metodikalari asosida takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik ishlarini olib bormoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati” (GIZ) hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda professional ta’lim tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida 2022 yil 10-19 oktabr kunlari respublika professional ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan bir guruh mas’ul xodimlarining Germaniya Federativ Respublikasiga “Germaniyada kasb-hunar ta’limi” mavzusida o‘quv xizmat safari tashkil etildi.
Xizmat safari davomida Pedagogik innovatsiyalar instituti direktori Z.Xudayberdiyev boshchiligidagi delegatsiya (soha vakillari) Berlin, Bonn, Drezden, Leypsig, Eshborn shaharlarining professional ta’lim sohasida faoliyat olib borayotgan ilg‘or ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlari va markazlari, mahalliy Savdo-sanoat palatalari, yirik ish beruvchi korxonalarga tashrif buyurib, professional ta’lim tizimini zamon talablariga muvofiq yanada takomillashtirish masalalari bo‘yicha fikr almashindi.
Jumladan, Germaniya Federativ Respublikasida professional ta’lim sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan va xalqaro tan olingan Federal kasb-hunar ta’limi instituti (BIBB), Leypsig kasbiy ta’lim va malaka oshirish markazi “ZAW Leipzig GmbH”, Saksoniya iqtisodiyoti o‘quv markaz (BSW)larining bosh direktorlari, direktor o‘rinbosarlari, xalqaro loyihalar menedjerlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar yakunida muhokama etilgan masalalar ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan memorandumlar imzolashga kelishib olindi.
Shunga muvofiq, bugun Pedagogik innovatsiyalar instituti hamdaLeypsig kasbiy ta’lim va malaka oshirish markazi “ZAW Leipzig GmbH” o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur hamkorlik kelishuvning maqsadi professional ta’limi tizimida ish beruvchilarning talablariga mos o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarni tayyorlash va xalqaro tajribalarni o‘rganish, tahlil qilishdan iborat.
Hamkorlik olib borishda quyidagi vazifalar ko‘zda tutilgan:
- professional ta’lim tizimi o‘quv dasturlarini xalqaro standart talablariga muvofiq ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
- hamkorlikda professional ta’lim muassasalarining talab-ehtiyojlari o‘rganiladi, tahlil qilinadi va bir-biriga muvofiqlik darajasi aniqlanadi;
- muntazam ravishda rahbar va pedagog xodimlar hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalari va soha mutaxassislari uchun qisqa muddatli (onlayn, oflayn) o‘quv kurslari tashkil etiladi;
- hamkorlikda professional ta’lim muassasalarida mavjud shart-sharoitlarni, xususan, o‘quv-laboratoriya va ustaxonalarni o‘rganish va tajriba almashish;
- professional ta’lim muassasalari va ish beruvchi korxona va tashkilotlarning ehtiyojlarini o‘rganish va rejalashtirishning keyingi bosqichlarini o‘zaro kelishib olish;
- O‘zbekiston korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlarining talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda hamkorlikda quyidagi kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha dual ta’lim dasturlarini ishlab chiqish:
Metallar texnologiyalari (jarayon turlari bo‘yicha);
Mexatronika va robototexnika;
Elektronika bo‘yicha mutaxassis;
Avtomobillarni ta’mirlash chilangari;
Sanoat mexanigi;
Oshpaz.
- hamkorlikda soha mutaxassislari hamda professional ta’lim muassasalari o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalarini malakasini oshirish bo‘yicha o‘zaro stajirovkalar tashkil etish;
- professional ta’lim muassasalari rahbar va pedagog xodimlarini malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv-uslubiy ishlarni hamkorlikda olib borish.