Vazir: Iqtidorli talabalarni xorijiy universitetlarga stajirovkalarga joʻnatish anʼanasini yoʻlga qoʻyish lozim
Joriy yilning 6-fevral sanasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov rahbarligida davlat oliy taʼlim muassasalarining faoliyat samaradorligini baholash, tahlil qilish va oshirish chora-tadbirlari hamda ustuvor vazifalarni belgilash boʻyicha kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.
Vazir yigʻilish boshida OTM rahbarlarini vazirlikning yangi tuzilmasi, tizim tashkilotlari, rahbar va mutasaddi xodimlar bilan tanishtirdi.
Shundan soʻng har bir oliy oʻquv yurti oʻz axloq kodeksini ishlab chiqishi, bu kodeksda oliy taʼlim muassasasining oʻziga xos jihatlari, talablar, pedagoglar va bitiruvchilarning maqomi, shaʼni, majburiyat va masʼuliyatlarini aks ettirish lozimligi qayd etildi. Har bir OTM talabalarning maʼnaviy jihatdan barkamol boʻlishlari uchun adabiyot, sanʼat, musiqa va qoʻshiqchilikning turli yoʻnalishlaridan birortasidan foydalanishi, buni imij darajasiga chiqarishlari tavsiya etildi.
Vazir, shuningdek OTMdagi muammoli yoshlar va iqtidorli talabalarga alohida sharoit yaratilishi, ularni ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish lozimligi haqida fikr bildirdi. Har bir talaba tarbiyasi bilan individual shugʻullanish, uyushmagan qatlam va iqtidorli talabalar bilan muntazam muloqot mexanizmini ishlab chiqish va yoʻlga qoʻyish, ragʻbatlantirish masalalari muhokama qilindi. Iqtidorli talabalarni xorijiy universitetlarga qisqa muddatli stajirovkalarga joʻnatish anʼanasini yoʻlga qoʻyish lozimligi aytib oʻtildi.
Shu bilan bir qatorda, rektorlar mavqeini koʻtarish masalasiga toʻxtalib, har bir rektor oʻz akademik faolligini oshirishi, oʻz yoʻnalishida original dastur tuzib, talabalarga maʼruzalar oʻqishi, xorijda monografiyalar chop etishi lozim, – dedi I.Abdurahmonov.
Nafaqat rektor, balki professorning ham oʻziga xos maʼruzalar turkumi boʻlishi va uni universitet brendiga aylantirish boʻyicha tizimli ishlar qilinishi kerakligi aytildi. Har bir professorning ikkitadan – taʼlim va ilmiy ishlar boʻyicha yordamchisi (research assistant va teaching assistant) boʻlishi, ular maʼruzalar sifatini oshirishga koʻmak berish bilan birga, talabalar tomonidan maʼruzalarni oʻzlashtirish darajasini ham nazoratga oladi. Ular talabalar bilan alohida ishlab, mavzu boʻyicha savollarini maʼruzachiga yetkazib berishda koʻprik boʻlib xizmat qiladi.
Professional taʼlim muassasalaridagi taʼlim sifatini oshirish maqsadida taʼlim jarayoniga doktorantlarni biriktirish, muassasalarning moddiy-texnik bazasini takomillashtirishga ham alohida urgʻu berildi.
Iqtidorli talabalar, yosh pedagoglar va doktorantlarni yetakchi xorijiy taʼlim muassasalariga tahsil olish va tajriba orttirishga yuborishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqilishi, bunda shu paytgacha yosh olimlar uchun tashkil etilgan “English for Science” platformasidan foydalanish va uni keng targʻib qilish kerakligi qayd etildi.
Shuningdek, OTM ilmiy kengashlari faoliyatini yanada jadallashtirish masalasi oʻrtaga tashlanib, olimlarning nufuzli xorijiy nashrlarda maqolalarini chop etishda “Proofreading” xizmatidan foydalanish maqsadga muvofiq ekani aytildi.
Rektorlar oʻzlari rahbarlik qilayotgan OTMning moliyaviy masalalariga ham shaxsan javobgar boʻlishlari haqida ogohlantirildi. Talabalarga turar joylarni tashkil etish, ularni muqobil energiya manbalaridan foydalanishini taʼminlash, keyingi oʻquv yili uchun oʻquv va yotoqxona binolarining shayligiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.