Yangiliklar

Farg‘onada dual ta’lim qanday samara bermoqda?

Farg‘ona viloyatida bugungi kunda 76 ta professional ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu dargohlarda yangi o‘qitish texnologiyalarini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yoshlarni ta’lim olish bilan birga haqiqiy ish joyida o‘z kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Bunda dual ta’limning o‘rni katta. Hozirda dual ta’lim shakli ko‘plab professional ta’lim tizimida yo‘lga qo‘yildi. 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab maktabgacha ta’lim, temir yo‘l va qurilish kabi sohalarda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida professional ta’lim muassasalariga dual ta’lim shakli bo‘yicha yoshlar o‘qishga qabul qilindi.

Rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tizimi o‘rganilib, zamonaviy texnologiyalar va dastgohlarda o‘qish bilan bir vaqtda korxona, tashkilotlarda ish faoliyatini olib borish imkoniyatini beruvchi dual ta’lim shakli O‘zbekiston ta’lim tizimiga kiritildi.

“Dual” so‘zi lotin tilidan olingan bo‘lib, biror narsaning ikki qismga taalluqliligi, ikkita narsani ifodalovchi, ikki qismdan iborat, degan ma’nolarni bildiradi. Dual ta’lim – o‘quvchi-talabaga ta’limni o‘z yo‘nalishiga mos tashkilotda mehnat qilish bilan birga olib borish imkoniyatini beruvchi tizimdir. Bunda yoshlar 2-3 kun ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni va 3-4 kun korxona va tashkilotlarda haqiqiy ish jarayonlarida amaliy ko‘nikmalarni egallaydi.

Bag‘dod pedagogika kollejida maktabgacha ta’lim, maktabgacha ta’lim yordamchi tarbiyachisi, kutubxonashunoslik kasblari bo‘yicha 828 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Bu yerdagi yoshlar olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash imkoniga ega bo‘lmoqda. Ular maktabgacha ta’lim tashkilotlari va boshqa muassasalarda haqiqiy ish jarayonini o‘rganib, yetarli malakani egallayapti.

Manba: uza.uz

252