Yangiliklar

Jahon banki bilan hamkorlikda Oʻzbekiston taʼlim va innovatsiya sohalari yanada rivojlantiriladi

Joriy yilning 31-yanvar kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli bilan muzokara oʻtkazdi.

Uchrashuv avvalida Marko Mantovanelli I.Abdurahmonovni Jahon banki tomonidan Oʻzbekistonda taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan loyihalar hamda kelgusidagi rejalar bilan tanishtirdi.

Muzokaralar davomida Jahon banki tomonidan Oʻzbekistonda oliy taʼlim va innovatsion sohalarni qoʻllab-quvvatlashi uchun tahliliy va moliyaviy yordam koʻrsatish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan ikkita loyiha — “Oliy taʼlimni modernizatsiya qilish” (MHEP) va “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihalari (MUNIS) amalga oshirib kelinmoqda.

MHEP loyihasi 2023-yil 28-fevralga qadar yakunlanib, ayni damda Jahon bankining taʼlim jamoasi Markaziy Osiyoda oliy taʼlim sifatini oshirish tashabbusini ishga tushirish ustida ishlamoqda.

I.Abdurahmonov Jahon banki oliy taʼlim va innovatsion tizimining takomillashtirilishida muhim oʻrin egallagan xalqaro moliyaviy institut ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, universitetlar va institutlar uchun innovatsion ekotizimni rivojlantirish va loyihalarni joriy etish hamda tijoratlashtirish boʻyicha hamkorlikda ishlashni taklif qildi.

Uchrashuv soʻngida, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Marko Mantovanelli Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholadi va kelgusida bajariladigan ishlar boʻyicha vazirlikka qoʻmakdosh boʻlishga tayyorligini bildirib oʻtdi.

Manba: edu.uz

224