Hududlardagi professional ta’lim muassasalari tizimli o‘rganilmoqda
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Abduraxmonovning topshirig‘iga ko‘ra, vazirlik xodimlaridan iborat tuzilgan ishchi guruhlari professional ta’lim muassasalari va Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazlari faoliyatini o‘rganish va mavjud tizimli muammolarni hal etish maqsadida hududlarga yuborildi.
Ishchi guruhlar tomonidan ayni kunlarda 13 ta hududdagi ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoni, o‘quv mashg‘ulotlari, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, yoshlar va ishsizlarni qisqa muddatli o‘quv kurslarga o‘qitish holati o‘rganilmoqda.
Shu bilan birga, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi va o‘quvchilarning zamonaviy o‘quv, o‘quv metodik adabiyotlar bilan ta’minlash hamda o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalarning sifat tarkibi tahlil qilinadi.
O‘rganish natijasi bo‘yicha professional ta’lim muassasalari va Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Bugun vazirlik mas'ullaridan iborat ishchi guruh Namangan viloyati Chust tumanidagi 1-son kasb-hunar maktabida tashkil etilgan “Qurilish sohasi boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash oʻquv markazi”da boʻlib, u yerda olib borilayotgan dars jarayonlari va amaliy mashgʻulotlar sifati oʻrganildi.
Oʻqituvchi va tinglovchilar bilan muloqotda ularning oʻquv dasturlariga zamon talabidan kelib chiqib kiritish mumkin boʻlgan oʻzgartish va qoʻshimchalar xususidagi takliflari olindi.
Oʻqituvchilarga oʻquv jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalardan keng foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, taʼlim muassasasi rahbariyatiga isitish tizimini yaxshilash va axborot-kutubxona markazini badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash topshirildi.
Bundan tashqari, Toʻraqoʻrgʻon tumani agrotexnologiyalar texnikumi va 1-son kasb-hunar maktabida oʻquv jarayonlarini tashkil etish bilan birga taʼlim muassasalari issiqlik tizimining holati ham oʻrganilib, tegishli koʻrsatmalar berildi.
Viloyatdagi professional taʼlim muassasalari faoliyatini oʻrganish davom etmoqda.