Kasbiy standartlarni ta’lim dasturlariga yo‘naltirish masalalari muhokamasi
2022 yilning sentabr oyida Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ)ning “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimidagi islohotlar va modernizatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida kasbiy standartlarni yaratish, ular asosida o‘quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish hamda to‘qimachilik sanoatidagi ishchi kasb vakillari uchun PR-kampaniyani tashkil etish komponentlari o'z ishini boshladi. Ushbu loyiha komponentlari GOPA xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 15-dekabr sanasida Pedagogik innovatsiyalar, professional ta’lim boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida loyihaning “2-komponenti” ya'ni o'quv dasturlarini yaratish mavzuiga bag'ishlangan seminar tashkil etildi.
Seminardan ko‘zlangan maqsad - hamkor tashkilot vakillari hamda loyiha ishtirokchilari bilan O'zbekistonda professional standartlarni ta’lim dasturlariga tadbiq etish yo'llari haqida yanada chuqurroq tushunchaga ega bo'lish, professional standartlarni o'quv rejalarida joriy etish masalalarini o'zaro muhokama etish va yechimlarni izlashdan iborat.
Loyiha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mehnat va mehnat munosabatlari vazirligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari, Savdo-sanoat palatasi, Mehnat bozorini oʻrganish instituti, Pedagogik innovatsiyalar instituti, To‘qimachilik va charm korxonalarining kasbiy malaka bo‘yicha tarmoq kengashlari va boshqa mahalliy muassasalar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun: Loyihaning ushbu komponentlari kasb-hunar taʼlimi va taʼlim tizimini modernizatsiya qilish orqali toʻqimachilik sanoatini Oʻzbekiston iqtisodiyotining eng dinamik tarmoqlaridan biriga aylantirishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Loyiha, shuningdek, to‘qimachilik sanoatida yosh mutaxassislarni o‘qitish va shu orqali yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash va ularning kelgusi yillarda barqaror daromad olishiga hissa qo‘shadi.