O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi kasb-hunar maktablari uchun o‘quv qo‘llanmalarni yaratish bo‘yicha tanlovda ishtirok etish uchun taklif etadi
Kasb-hunar maktablari uchun o‘quv qo‘llanmalarini yaratishga qo‘yiladigan umumiy talablar:
o‘quv qo‘llanmalar, o‘quvchilarning intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishga va ularda zaruriy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladigan, shuningdek soha bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar, jahon ilm-fani, uslubiyot, texnika va texnologiyalarning so‘nggi yutuqlari, taraqqiyot tendensiyalarini hisobga olgan hamda tasdiqlangan ta’lim dasturlari asosida tayyorlangan, yangi yaratiladigan o‘quv qo‘llanmalarining nomi o‘quv rejalardagi fanlar nomi bilan mos kelishi shart.
O‘quv qo‘llanmalarini yaratishda quyidagi tamoyillarga amal qilinadi:
mamlakatda joriy etilgan uzluksiz ta’lim tizimining ta’lim turlari (umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim (bakalavriat)) o‘rtasidagi uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash hamda fanlar mavzularining asossiz takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
kasbga qiziqishni kuchaytirish, uni mustahkam egallashga va zamonaviy bilimlar asosida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlanishiga xizmat qilish;
mustaqil va erkin fikr yuritish, mas’uliyatli qarorlar qabul qilishga qodir shaxslarni tarbiyalash;
qaysi fanga tegishliligidan qat’iy nazar, nazariy bilimlarning amaliyot bilan bog‘liqligini ta’minlash;
o‘quvchilarda yaxlitlikni idrok qilish hissining shakllanishi uchun barcha ma’lumotlarni mantiqiy ketma-ketlikda yoritish;
muayyan fan sohasiga xos xususiyatlardan kelib chiqib, estetik va dizayn ko‘rsatkichlarda ilm-fan yutuqlarini tasvirlaydigan ko‘rgazmali ma’lumotlar, qurilma, apparatlar yoki ularning ma’lum qismlari va boshqalar turli rangda berilishiga e’tibor qaratilish;
matnni tushunarli va mantiqiy usulda tuzish, o‘rganish jarayonini osonlashtirish uchun rasmlar, sxemalar va chizmalarni qo‘shib joylashtirish hamda mavzuni yanada chuqurroq o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha manbaalarni ko‘rsatish;
o‘quv qo‘llanmaida o‘rganiladigan mavzu va mashg‘ulotlar guruhda o‘quvchilarning turli qobiliyatga ega ekanligi inobatga olingan holda berilish;
fanlararo va fan ichida o‘zaro bog‘liqlik ta’minlanish;
o‘quvchilarning mustaqil ishlashi uchun amaliy topshiriqlar, mashqlar va loyihalar bilan ta’minlanish;
matnda atrof-muhit, uning ifloslanishi va jamiyat salomatligi muammolari hamda ularni hal qilish yo‘llari aks ettirilish;
professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarini o‘quv qo‘llanmalarini ta’lim va tarbiyani ijtimoiy hayot, unumli mehnat bilan uzviy bog‘lanishiga e’tibor berish;
fan va texnika yutuqlarining ahamiyatini ifodalashi, ilmiy masalalarning mantiqiy ketma-ketlikda, fanning o‘quv dasturiga muvofiq bayon etilish;
xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalari asosida yaratilgan o‘quv qo‘llanmalardan foydalanish;
o‘quv qo‘llanmalari tushunarli, sodda va ravon tilda yozilishi, ma’lumotlar o‘quvchi tomonidan imkon darajasida oson va qiyinchiliksiz qabul qilinadigan, xotirada saqlanadigan hamda yangi bilimlarni o‘zlashtirishga yo‘naltiradigan tarzda berilishi hamda ta’lim oluvchilarning bilim va ko‘nikmalarini nazorat qilish imkoniyatini yaratishi lozim.
Tanlovda qatnashish istagini bildirgan mualliflar (yoki mualliflar jamoasi) tomonidan quyidagi hujjatlardan iborat takliflar tanlov komissiyasiga taqdim etiladi:
a) ishtirok etish uchun buyurtmanoma;
b) qatnashchining so‘rovnomasi;
v) o‘quv adabiyoti konsepsiyasi (0,5 bosma toboqqacha), unda o‘quv kursining maqsadi va vazifalari, mazmuni va tuzilmasiga nazariy-metodologik yondashuv, o‘quv adabiyotining metodik apparatiga asos qilib olinadigan didaktik prinsiplar aks ettirilishi kerak;
g) o‘quv adabiyotining reja-prospekti (bo‘limlar va mavzular mazmunining tezisli bayoni, 1 bosma toboqqacha);
d) bitta bobning namuna matni.
Tanlovda ishtirok etish uchun tayyorlangan takliflar joriy yilning 21 dekabr kuniga qadar vazirlikning Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ta’lim jarayonini tashkil etishni muvofiqlashtirish boshqarmasining “O‘quv metodik ta’minotni tashkil etish bo‘limi”ga (K.Mavlyanov (71 207-16-72 (148)) asl nusxada, A4 konvertga solib, jildida ta’lim muassasasi nomi, mualliflar F.I.Sh. yozilgan holda taqdim etishingizni so‘raymiz.