Taʼlim sohasidagi rahbarlar Singapurda malaka oshirishi mumkin
Joriy yilning 2022-yil 7-9-dekabr kunlari Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Taʼlim inspeksiyasi vakillari ham Singapurga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik.
Tashrif davomida Taʼlim inspeksiyasi vakillari Singapur Taʼlim vazirligi Xalqaro hamkorlik departamenti direktori oʻrinbosari Sindi Yu bilan uchrashib, taʼlim sohasidagi hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo bitim loyihasi muhokama qildi.
Muhokamalar jarayonida Sindi Yu xonim ushbu bitim taʼlim sohasida hamkorlikni yanada jadallashtirish va hamkorlik qamrovni kengaytirish uchun muhimligini taʼkidlab oʻtdi.
Shuningdek, bitimda taʼlim turlarining barchasini (maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, professional taʼlim, oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim) qamrab olish maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.
Taʼlim inspeksiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Xatamjon Ketmonov tomonidan bitim loyihasida qoʻshimcha hamkorlik yoʻnalishlari sifatida kattalar taʼlimi, malaka oshirish va inson resurslarini rivojlantirishni ham kiritishni taklif qildi.
Shuningdek, Sindi Yu xonim Oʻzbekistonda taʼlim boshqaruvida faoliyat koʻrsatayotgan davlat xizmatchilarining institutsional salohiyatni oshirish maqsadida taʼlimga masʼul davlat organlari rahbar xodimlarining (xususan, vazir va vazir oʻrinbosarlarini) Singapur Taʼlim vazirligida malaka oshirishlarini tashkil qilish imkoniyati haqida maʼlumot berdi.
Tomonlar ushbu takliflar asosida bitim loyihasini yanada takomillashtirishga kelishib olishdi.