Yangiliklar

Vazir: Har biringiz oliy va professional taʼlim tizimi uchun masʼulsiz

Joriy yilning 6 dekabr sanasida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligida 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan bir guruh fidoyi xodimlarga esdalik nishonini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov bosh qomusimiz mustaqil demokratik-huquqiy davlatni shakllantirish va rivojlantirishning asosiy omili sifatidagi oʻrni haqida alohida toʻtaldi. Tizimda erishilgan islohotlar, sohadagi yutuqlar haqida soʻz borar ekan, vazirlikning har bir xodimi oliy va professional taʼlim tizimi uchun masʼul ekanini taʼkidladi.

Shundan soʻng, barcha uchun hayajonli damlar boshlanib, tizimga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh xodimlar “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Qayd etilganidek, bugun tizimda samarali faoliyat yuritayotgan xodimlarning bir guruhi davlatimizning yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlgani tizimda olib borilayotgan xalqchil islohotlarning yorqin namunasidir.

Taqdirlanganlar nomidan soʻz olganlar, ushbu mukofot jamoa bilan yelkama-yelka turib, sidqidildan ishlashlarida munosib ragʻbat boʻlishini qayd etishdi.

Tadbir doirasida kuni kecha oʻzining ilmiy tadqiqot ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori Obid Sarmonov munosib taqdirlandi. Vazir A.Toshqulov xodimlarning ilmiy faoliyatini doim qoʻllab-quvvatlashini bildirib, vazirlikda yo ilmiy darajalilar yoki ilm bilan band boʻlganlar ishlashi kerakligini qayd etdi.

Tadbir soʻngida jamoaga yangi qoʻshilgan 13 nafar xodim tanishtirilib, ularga tizim, davlat va prezident uchun sadoqat bilan xizmat qilishlariga tilak bildirildi.

Manba: edu.uz

264