Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar va ta’lim mazmuni bilan tanishish hamda yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilash maqsadida Andijon viloyatida bo‘lib qaytdi.
Dastlab, “Dinar tex group” korxonasida bo‘lib, shahardagi kasb-hunar maktablarida ta’lim olayotgan o‘quvchilari bilan uchrashdi. Amaliyot hamda dars mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishdi.
Hozirda korxonaga 4 ta kasb-hunar maktablarining 100 nafar o‘quvchi qizlari biriktirilgan bo‘lib, har bir o‘quvchiga ish jarayonidan kelib chiqib, 800 ming so‘mdan 1,5 mln. so‘mgacha ish xaqi to‘lanishi yo‘lga qo‘yilgan.
Navbatdagi manzil Andijon shahridagi 4-son kasb-hunar maktabi bo‘ldi. Maktabda o‘quvchilar mavjud kasblar bo‘yicha nazariy va amaliy bilim hamda ko‘nikma olishlari uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
O‘quvchilarning “Mehmonxona ishi”, “Xizmat ko‘rsatish”, “Sartaroshlik” kasblari bo‘yicha amaliyot jarayonlari bilan tanishildi. Shu bilan bir qatorda vazir o‘rinbosari, respublikamizning barcha ta’lim muassasalari kabi bu yerda ham Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yashil makon” umummilliy dasturining ko‘chat ekish jarayonida qatnashdi.
Kunning ikkinchi yarmida Sadoqat Siddiqova Asaka shahrida faoliyat olib borayotgan kasb-hunar maktabi va texnikumi, Andijon shahrida joylashgan “UzAUTOMIR”, “Uz-Dong Won Co” va respublikada yagona bo‘lgan “UZAUTO MOTORS” ga qarashli GM korxonasiga borib, o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Jumladan, o‘quvchilar nazariy bilimlarni olish uchun sinf xonalar ko‘zdan kechirildi, amaliy ko‘nikmalarni berish maqsadida korxonalardan jalb qilingan malakali master (ustoz)lar bilan muloqоt qilindi.
Aytish joizki, ishlab chiqarish amaliyotlarida kasb egallayotgan yoshlarga korxona tomonidan bir mahal issiq ovqat, amaliyot davri uchun ish haqi, uzoq hududlardan qatnaydiganlar uchun alohida transport, korxona imiji hamda texnik xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqib, har bir o‘quvchiga kiyim bosh ajratilganligiga guvoh bo‘lindi.
Ma’lumot uchun, viloyatdagi 67 ta professional ta’lim muassasalarining 14 076 nafar bitiruvchi o‘quvchilari 2022/2023 o‘quv yilida 249 ta yirik sanoat korxonalari, ish beruvchi tashkilotlar va muassasalarga biriktirilgan bo‘lib, ishlab chiqarish korxonalarida 310 ta nazariy darslar uchun o‘quv xonalari to‘liq jihozlangan holda tashkil qilingan.