Yangiliklar

Hamkorlik shartnomasi imzolandi

Joriy yilning 1 noyabr kuni institutning katta majlislar zalida professional ta’lim sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida navbatdagi seminar tashkil etildi. Seminarga institutning doktorantlari, mustaqil izlanuvchilar, professor-o‘qituvchilar hamda tinglovchilar ishtirok etishdi.

Mazkur seminarda Nizomiy nomidagi TDPU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi direktori pedagogika fanlari doktori, professor N.A.Muslimov o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Ma’ruza so‘ngida tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollari javoblar olishdi.

Seminar yakunlari bo‘yicha Pedagogik innovatsiyalar instituti “Innovatsion loyihalar, fan va ta’lim texnologiyalari transferi” bo‘limi va Nizomiy nomidagi TDPU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi bilan tomonlar faoliyatida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari salohiyatidan foydalanish bo‘yicha hamkorlik qilish hamda bir qator aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Mazkur hamkorlik shartnomasi Pedagogik innovatsiyalar institutida professional ta’lim sohasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan tadqiqotchilar bilan atoqli olimlar, fan doktorlari hamda professorlari bilan uchrashuvlarini tashkil etishga hamda tomonlarning ilmiy xodimlari o‘rtasida innovatsion loyihalarni bajarilishiga, xorijiy dasturlarni jalb etish va hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borilishini keng yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, bugungi imzolangan hamkorlik shartnomasi ilmiy tadqiqotchilar tomondan erishilgan amaliy natijalarini professional ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda, pedagoglarni malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimidagi tajribalarni o‘zaro almashishda, professional ta’lim tizimi uchun ilmiy kadrlar tayyorlash maqsadida yuqori tajriba ega, ilmiy salohiyatli soha mutaxassislaridan ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchilar tarkibini shakllantirishda ko‘maklashishdan iborat.

296