Yangiliklar

Oʻzbekiston professional taʼlim strategiyasi YUNESKO bilan birgalikda ishlab chiqiladi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri oʻrinbosari Sadoqat Siddiqova va Taʼlim jarayonini tashkil etishni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi O‘tkir Alijonov Germaniyaning Bonn shahrida oʻtkazilgan “YUNESKOning yangi Kasbiy va texnik taʼlim strategiyasi boʻyicha xalqaro konferensiya (2022-2029)” hamda “Federal kasb-hunar taʼlimi instituti (BIBB) 2022 Kongressi”da ishtirok etdi.

“Kasbiy va texnik taʼlimni muvaffaqiyatli va adolatli tashkil etilishi uchun transformatsiya qilish” shiori ostida oʻtkazilgan YUNESKOning konferensiyasida 100 dan ortiq xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Shuningdek, YUNESKOning yangi Kasbiy va texnik taʼlim boʻyicha strategiyasi muhokamalari oʻtkazildi hamda konferensiya yakunida ushbu strategiya qabul qilindi.

Germaniyaning “Federal kasb-hunar taʼlimi instituti 2022 Kongressi”da professional taʼlim sohasida mazkur institutning "yashil" iqtisodiyot, raqamli transformatsiya va malaka oshirish tizimiga oid rejalari boʻyicha muhokamalar oʻtkazildi hamda tajriba almashinildi.

Shu bilan birga, YUNESKOning Siyosat va hayot davomida taʼlim olish departamenti direktori Boren Chakrun bilan ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazildi.

Unda professional taʼlimni qoʻllab quvvatlashda YUNESKOning hamkorligini kengaytirish maʼlum qilinib, Oʻzbekiston Respublikasi professional taʼlim strategiyasini birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi.

Mazkur xalqaro tadbirlarda ishtirok etish bilan birga, vazirlik delegatsiyasi YUNESKOning Texnik va kasb-hunar taʼlimi xalqaro markazi (UNEVOC) rahbariyati, Germaniyaning Faxriy ekspertlar xizmati (SES), Siemens AG, Gamburg professional taʼlim instituti, Dyusseldorf hunarmandlar palatasi, Germaniya jamgʻarma kassalari fondi (German Sparkassenstiftung) rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Muloqotlarda professional ta’lim tizimi boʻyicha hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, xorijiy ekspertlarni professional taʼlim tizimida faoliyat olib borishiga jalb qilish, pedagog kadrlar malakasini oshirish, dual taʼlimni rivojlantirish hamda taʼlim dasturlarini Germaniya tajribasi asosida takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Manba: edu.uz

221