Yangiliklar

Samarqandda katta yoshdagilarni kasb-hunarga oʻqitish va taʼlim berish boʻyicha xalqaro anjuman oʻtkazildi

Joriy yilning 21-22-oktabr kunlari Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun kattalar taʼlimi va oʻqitishda oʻrganuvchi hududlar va innovatsiyalarni yaratish” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazildi.

Unda YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari, Xalq universitetlari Nemis Assotsiatsiyasining (DVV International) Markaziy Osiyo Mintaqaviy direktori, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Madaniyat, yoshlar va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Dilorom Tashmuxamedova, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi mutasaddilari va boshqalar ishtirok etishdi.

Anjumanning birinchi ish kunida Oʻzbekistonda katta yoshdagilarni oʻqitish va ularga taʼlim berish sektorini rivojlantirish boʻyicha mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, xorijiy mamlakatlar tajribalarini oʻrganish, ushbu yoʻnalishda xalqaro hamkorlikning samarali mexanizmlarini joriy etishga yoʻnaltirilgan asosiy maʼruzalar tinglandi.

Jumladan, Taʼlim inspeksiyasi rahbariyati ham “Oʻzbekistonda katta yoshdagilarni oʻqitish va taʼlim berishni qoʻllab-quvvatlashning dolzarb masalalari” boʻyicha maʼruza taqdimotlari, shuningdek ushbu sektorni rivojlantirish yuzasidan oʻz takliflari bilan ishtirok etishdi.

Anjuman ikkinchi kunida vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari seksiyalarga boʻlingan holda xorij tajribalari, shuningdek, Oʻzbekistonda kattalar taʼlimi sektorini rivojlantirishda hamkorlik yoʻnalishlarini yanada kengaytirish borasida oʻzaro fikr almashishdi va takliflar muhokamasi boʻlib oʻtdi.

Anjuman yakunida “Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun taʼlimda innovatsiyalar va oʻrganuvchi hududlarni yaratish” xalqaro konferensiya ishtirokchilarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaatini tayyorlash taklifi bildirildi.

Manba: tdi.uz

253