Vazir o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova Farg‘ona viloyatidagi kasb-hunar maktablari faoliyati bilan tanishdi
Viloyatda bugungi kunda 76 ta professional ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mazkur tizimni xalqaro tajribalar asosida takomillashtirish, boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda mazkur jarayonga ish beruvchilarni keng jalb qilishga muhim e’tibor qaratilmoqda.
Farg‘ona imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabidagi uchrashuv mazmunli kechdi.
Vazir o‘rinbosari bu yerda tahsil olayotgan o‘quvchi yoshlar bilan suhbatlashdi, ularning kelajakdagi orzu-rejalari bilan qiziqdi. Maktab qoshida ochilgan protez-ortopedik mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona faoliyati bilan tanishdi.
Tikuvchilik hamda maxsus poyabzal ishlab chiqarish yo‘nalishlarida hunar o‘rganayotgan yoshlar tomonidan tayyorlanib, xaridorlar va buyurtmachilarga yetkazib berilayotgan mahsulotlar barchaning e’tiborini tortdi.
Shuningdek, o‘quvchilar yotoqxonasi, bu yerda tashkil etilgan “Mohir qo‘llar” to‘garagi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Ayniqsa, mehmonning maktab oshxonasida o‘quvchilar bilan birga ovqatlangani, samimiy va qiziqarli suhbat hech kimning yodidan chiqmaydigan bo‘ldi.
Prezidentimiz tomonidan imkoniyati cheklangan shaxslarga alohida e’tibor qaratilayotgani, ularga yanada qulay shart-sharoit yaratish borasida qator qaror va farmonlar imzolanayotgani, har bir o‘quvchi qalbida “men hech kimdan kam emasman” degan qat’iy ishonch bo‘lishi zarurligi, ularga malakali va mehribon ustoz-murabbiylar hamisha ko‘makdosh ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida kasb-hunar maktabi hovlisiga mehmonlar ishtirokida ko‘chatlar ekildi. Marg‘ilon shahridagi kasb-hunar maktablarida bo‘lgan uchrashuvlar ham taassurotlarga boy bo‘ldi. Zamonaviy hunarlarni o‘zlashtirayotgan, atlas va adras to‘qishni egallayotgan yoshlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
– Professional ta’lim tizimiga dual ta’limni keng joriy etish bugungi kunning dolzarb vazifasidir, – dedi S.Siddiqova. – Bu orqali yoshlarimizni mustaqil hayotga tayyorlash, tadbirkorlik faoliyatini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashish mumkin.
Viloyatdagi professional ta’lim muassasalari direktorlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda vazir o‘rinbosari ta’lim sifatini oshirish, ilg‘or tajribalarni keng jalb etishga e’tibor qaratdi. Kelgusida amalga oshirilishi zarur chora-tadbirlar, ta’lim muassasalaridagi kamchilik va muammolar yuzasidan tavsiyalar berildi.