Yangiliklar

Toshkent shahar kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi

Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova Toshkent shahridagi professional taʼlim muassasalari direktorlari, ushbu hududiy boshqarma xodimlari ishtirokida professional taʼlim muassasalaridagi mavjud muammolar va kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar xususidagi kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan vazirning professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari S.Siddiqova so‘z olib, keyingi yillarda yoshlarni munosib kasb egasi bo‘lib, yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qilishida professional ta’lim tizimi alohida o‘rin tutishi, bugun ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida dual ta’lim shakli joriy etilganini qayd etdi.

 Shuningdek, ushbu soha rivojiga katta hissa qo‘shishda Toshkent shahri namuna bo‘lishi, tizimni bir jamoa sifatida oldinga qo‘yilgan maqsadlar sari yetaklashda esa rahbar muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, tashkiliy masala koʻrilib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri buyrug‘i bilan Toshkent shahar kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarma boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Ro‘ziqulov To‘ychi Fayzullaevich jamoaga tanishtirilib, u haqida iliq fikrlar bildirildi. Ushbu lavozim ham sharafli, ham ma’suliyatli ekanligi ta’kidlanib, tizim xodimlari birgalikda, bamaslahat, hamfikr faoliyat yuritgandagina ko‘zlangan maqsadga erishilishi aytildi.

So‘zga chiqqanlar yangi rahbar faoliyatiga to‘xtalib, ko‘p yillar davomida ta’lim tizimida mas’uliyatli ishlagani, mehnatsevarligi, shijoati bilan e’tibor qozonganini ta’kidlab, kelgusi ishlariga muvaffaqiyatlar tilashdi.

Yig‘ilish davomida, shuningdek professional taʼlim muassasalaridagi mavjud muammolar va kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar xususida fikr almashildi va mas'ullarga tegishli vazifalar berildi.

Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda Toshkent shahrida jami 28 ta professional ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Shundan, 6 tast kasb-hunar maktabi, 11 tasi kollej, 11 tasi esa texnikum.

Professional ta’lim muassasalarida jami 23357 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Shundan:

 - kasb-hunar maktablarida 5075 nafar;

 - kollejlarda 6537 nafar;

 - texnikumlarda 11745 nafar.

2022/2023-o‘quv yilida 6 ta kasb-hunar maktabiga jami 2 690 nafar kasb egallash istagida bo‘lgan umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari qabul qilindi.

Shuningdek, umumta’lim maktablarining 11-sinf bitiruvchilari, yoshlar va hayot davomida ta’lim olish istagida bo‘lgan jami 9 101 nafar abituriyent kollej va texnikumlarga o‘qishga qabul qilindi.

Manba: edu.uz

336