Joriy yilning 10 oktabr sanasida Qashqadaryo viloyati Koʻkdala pedagogika kollejida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov raisligida barcha oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professional taʼlim bo‘yicha masʼullar va OAV xodimlari ishtirokida sayyor Hayʼat yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilish “Yashil makon” umummilliy dasturi ijrosi, talabalar bandligini taʼminlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik hamda oliy va professional taʼlim integratsiyasi masalalariga bagʻishlandi.
“Yashil makon” harakati
Dastlab, bugungi sayyor yigʻilishning aynan Koʻkdala pedagogika kollejida oʻtkazilgani bejiz emasligiga toʻxtalgan vazir, boisi, mazkur kollejning bu boradagi tajribasi bilan oʻrtoqlashish, amalga oshirilgan ishlarni joyida koʻrib, yaxshi tomonlarini boshqa hududlarda ham joriy etish, – dedi u.
Qayd etilganidek, bu yerda “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilgan, kollej hududida 100 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxtlar oʻtkazilib, hudud aholisi salqinlik va kislorodga toʻyingan toza havo bilan taʼminlangan.
Umuman, mazkur aholi punktida “yashil bogʻ” yaratish, uni parvarishlash va koʻkalamzorlashtirish borasida tajriba shakllanib, yaxshi maktab yaratilgan.
Oʻz navbatida, ushbu amaliy ishlar mutasaddilar tomonidan ham yuqori baholangani qayd etilib, buning uchun pedagogika kolleji jamoasiga minnatdorlik bildirildi.
Maʼlumotga koʻra, oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari hududlarida 2021-yil kuz va 2022-yil bahor mavsumlarida jami 2 mln 840 ming 696 dona manzarali, mevali daraxt hamda buta koʻchatlari ekilgan.
Tizimli yoʻlga qoʻyilgan mazkur ishlarni davom ettirish maqsadida koʻp mablagʻ va ortiqcha mehnat talab qilmaydigan 5-6 yildan soʻng yaxshi daromad manbayi boʻladigan terak koʻchatlari va qalamchalarini barcha professional va oliy taʼlim muassasalarida kamida 5 ming donadan ekish boʻyicha aniq vazifalar berildi.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida vodiy viloyatlarida olib borilayotgan ishlarni boshqa hududlarda ham joriy etish lozimligi qayd etildi.
Vazir oliy va professional taʼlim integratsiyasi masalasiga ham toʻxtaldi. Iqtisodiyot tarmoqlarining turli sohalariga oʻrta bugʻin kadrlar tayyorlashda metodik koʻmak koʻrsatish maqsadida 208 ta texnikum 70 ta OTMga biriktirilgan. Buning natijasi oʻlaroq, tasarrufida texnikumlari mavjud oliy taʼlim muassasalari tomonidan yaratilgan 9 192 nomda 122 ming nusxadagi oʻquv-metodik materiallari (darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar va oʻqitish materiallari) toʻplami hamda 103 ming nomda elektron resurslar taʼlim jarayonida foydalanish uchun topshirildi.
Mavjud energiya resurslarini bosqichma-bosqich muqobil energiya resurslari bilan almashtirish
Keyingi masala davlat rahbari tomonidan joriy yil oxiriga qadar quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini barcha oliy taʼlim muassasalariga joriy etish boʻyicha berilgan topshiriqlari ijrosi boʻldi.
Maʼlum qilinishicha, bugungi kun holatiga koʻra 34 ta oliy taʼlim muassasasida 1 704,5 kVt quyosh panellari, 31 000 litr quyosh suv isitish qurilmalari, 872 dona quyosh panelli tashqi yoritish chirogʻi oʻrnatilgan.
7 ta oliy taʼlim muassasasi tomonidan 540 kVt quyosh panellariga, 6 100 litr quyosh suv isitish qurilmalariga, 193 dona quyosh panelli tashqi yoritish chiroqlariga mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan shartnomalar imzolangan. 9 ta oliy taʼlim muassasasi esa 815 kVt quyosh panellari, 3 200 litr quyosh suv isitish qurilmalari, 201 dona quyosh panelli tashqi yoritish chiroqlarini xarid qilish uchun auksionga hamda birja savdolariga eʼlon qoʻygan.
Ammo shunga qaramasdan, ayrim oliy taʼlim muassasalari tomonidan ushbu topshiriq yuzasidan bugungi kunga qadar birorta ish qilinmagani tanqid qilindi.
Ularga muqobil energiya manbalarini oʻrnatish ishlarini joriy yil yakunini kutmasdan qisqa muddatlarda barcha zaruriy choralarni koʻrishlari topshirildi.
Shundan soʻng, vazir o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov talabalar bandligini taʼminlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalarida olib borilayotgan ishlar borasida maʼlumot berdi.
Talabalar bandligini taʼminlash
Ayni paytda oliy taʼlim muassasalarida 3,5 mingtadan ortiq toʻgarak va klublar faoliyat koʻrsatmoqda. Ularga aʼzo talabalar soni 350 ming nafarni tashkil etadi. Talabalarning ijtimoiy faolligini har semestrda maksimal 100 ballik tizimda baholashga qaratilgan “Ijtimoiy faollik indeksi” joriy etildi.
Bugungi kunda ishlash va qoʻshimcha daromad topishga ehtiyoji mavjud 35 ming nafar (3 ming 525 nafari chin yetim, nogiron) talaba ish bilan taʼminlandi.
Ammo bu vazifalarni amalga oshirish jarayonida kamchilik va muammolar yoʻq emasligi taʼkidlandi.
Shuningdek, oliygohlar bilan yirik kompaniya, klaster va boshqa korxonalar oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish va yil yakuniga qadar 10 ming nafar talaba bandligini taʼminlash topshirigʻi aksariyat taʼlim muassasalari tomonidan bajarilmagan.
Barcha oliy taʼlim muassasalari rahbarlari shaxsan oʻzlari bosh boʻlib, har oyda bir marta talabalar bandligi, 5 muhim tashabbus doirasida tashkil etilgan toʻgarak va sport seksiyalari faoliyati, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar holati, profilaktika inspektorlari, tyutorlar faoliyatini muhokama etib borishi topshirildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari
Oliy taʼlim muassasalarida 1-oktabrga qadar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish va uni betalofat oʻtkazish boʻyicha tegishli topshiriqlar berilgan edi. Ammo bugunga qadar 18 ta oliy taʼlim muassasasi topshiriqni oʻz vaqtida bajarmagan.
Bundan tashqari, taʼlim muassasalarining mukammal va joriy taʼmirlashga tushgan binolarida taʼmirlash ham kechikikayotgani aytib o‘tildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish va 20-oktabrga qadar toʻliq yakuniga yetkazish choralarini koʻrish topshirildi.
Yigʻilishdan soʻng vazir A.Toshqulov boshchiligida barcha mehmonlar mazkur taʼlim dargohida yaratilgan “yashil bogʻ” bilan yaqindan tanishdi. Oʻrnak olishga arzirli ishlarni alohida eʼtirof etib, yaxshi niyat ila kollej hovlisida yangi daraxt koʻchatlarini oʻtqazishdi.