Yangiliklar

Professional ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari qanday o‘tmoqda?

Ma’lumki, 2022/2023-o‘quv yilida kollej va texnikumlarga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan joriy yilning 3-oktabrdan boshlab test sinovlari o‘tkazilmoqda.

Ushbu jarayonlar qay darajada tashkil etilganligini ko‘zdan kechirish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sadoqat Siddiqova Toshkent shahridagi test sinovlari o‘tkazilayotgan 2-Respublika tibbiyot kolleji, Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida bo‘ldi.

Shu bilan birga, abituriyent va ularning ota-onalari uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda test jarayonlarini o‘tkazish holati o‘rganildi.

Ma’lumot o‘rnida, 2022/2023-o‘quv yilida 149 ta kollejga jami 59 460 nafar hamda 194 ta texnikumga jami 80 178 nafar abituriyent kunduzgi, sirtqi, kechki va dual ta’lim shakllari bo‘yicha qabul qilish rejasi tasdiqlangan.

Shuningdek, 42 mingdan ortiq yoshlar hamda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xodimlarni kasb yoki mutaxassisliklar egallashini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kollej va texnikumlarga sirtqi, kechki va dual ta’lim shakllari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar kirish imtihonlarisiz to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.

Eslatma o‘rnida, test sinovlari 2 smenada:

  • 1-smenada 09:00 dan 12:00 ga qadar;

  • 2-smenada 14:30 dan 17:30 ga qadar bo‘lib o‘tmoqda.

Joylarda test sinovlari 8-oktabrga qadar davom etadi.

Talabgorlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani Davlat test markazining my.dtm.uz saytidan yuklab olishlari mumkin.

Manba: edu.uz

227