Web sayt test rejimida ishlamoqda!!!





Ilmiy kengash

E-kutubxona

Zamonaviy professional ta’lim muassasasida guruh murabbiyining roli
Zamonaviy professional ta’lim muassasasida guruh murabbiyining roli

Har bir insonning komil shaxs bo‘lib voyaga yetishida, yetuk kasb egasi bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida ustoz-murabbiylarning o‘rni juda muhim.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2020 yil 1 oktabrdagi “O‘qituvchi va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zlagan nutqida ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining doimiy va uzluksiz psixologik ko‘nikmalarini rivojlantirish o‘ta muhim va dolzarb masala ekanligi ta’kidlab, ta’lim vazirliklari oldiga malaka oshirish institutlarida sinf (guruh) rahbarlarini tayyorlash ularni malakasini oshirish bo‘yicha alohida o‘quv kurslarini tashkil etish vazifasini qo‘ydi. Mazkur topshiriq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4884-sonli qarorida o‘z aksini topdi.

Ushbu vazifani sifatli bajarilishini ta’minlash maqsadida Institut tomonidan maxsus ishlab chiqilgan so‘rovnomalar asosida professional ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan 2700 nafar guruh rahbarlarining sifat tarkibi, ularning guruh rahbarligi faoliyatini olib borishda kerakli kompetensiyalari, zamonaviy AKT texnologiyalaridan foydalanish darajasi, malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyoji o‘rganildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra bugungi sharoitda professional ta’lim muassasalari guruh rahbarlarini malakasini oshirish kurslari rivojlangan xorijiy davlatlarda keng qo‘llanilayotgan masofaviy shaklda tashkil etilishi eng maqbul yo‘l deb topildi.   

Professional ta’lim muassasalari guruh rahbarlarining kasbiy ehtiyojlari asosida ularni o‘quvchilar bilan ishlash, psixologiyasini o‘rganish va metodik ta’minlashga qaratilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslari o‘quv reja va dasturlari ishlab chiqildi. Kurslarning o‘quv reja va dasturlari Toshkent shahri va viloyatlardagi 50 ga yaqin  professional ta’lim muassasalarida Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tajriba-sinovdan o‘tkazildi.

Natijada, bugungi kunda Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar ta’limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutining professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan guruh rahbarlari uchun 72 soat hajmida, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, masofaviy tarzda qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Kurslarning pirovard maqsadi turli xil tarbiyaviy, tashkiliy faoliyat orqali professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilar jamoasining sog‘lom munosabatlar tizimini tashkil etish va o‘quvchilarning o‘zligini anglash hamda shaxsiy rivojlanishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan. Kurslarda o‘qituvchilarning shaxsiy, umummadaniy, raqamli texnologiyalar kompetensiyalarini rivojlantirishga alohida urg‘u berilgan.

Professional ta’lim muassasalari ta’lim oluvchilari o‘sish davrining asosiy cho‘qqisida ekanligi, yosh xususiyatlaridagi tafovutlarning mavjudligi, o‘qish faoliyatining o‘zgarishlar, ta’lim va mehnat faoliyatining birgalikda tashkil etilganligi sababli adaptatsion jarayonning kuchli bo‘lishi natijasida ularga asosiy psixologik yordam guruh rahbari tomonidan beriladi. Buning uchun har bir ta’lim oluvchiga javobgarlikni olgan guruh rahbari bugungi kunda dolzarb hisoblangan muammolarning yechimi hamda ularni oldini olish ko‘nikma va malakalariga ega bo‘lishi lozim.

Ta’lim oluvchilarning  hayotiy  tajribalari,  o‘z-o‘ziga,  jamiyatga  bo‘lgan  munosabatlari  xarakterini  inobatga  olish,  u  yoki  bu  voqea-hodisa  bilan  bog‘liq  yorqin,  ta’sirchanlikni  oshirishga  xizmat  qiluvchi ma’lumotlar, hayotiy dalillardan foydalanish, darsdan kutilayotgan natijalarni aniq tahlil qilish va pedagogik tashxis qo‘yish, faoliyatni baholash, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, ularning kelib chiqish sabablari o‘rganish kurslarning ta’lim mazmunida alohida o‘ringa ega.

Shubhasiz, bunday kurslarni tashkil etish yurt kelajagi hisoblangan yosh avlodning barkamolligi bilan bog‘liq bo‘lgan dolzarb muammolarning yechimiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Barcha huquqlar himoyalangan. © 2004-2021. Ushbu saytda chop etilgan materiallarning to'liq yoki qisman ishlatilishida va keltirilishida rasmiy sayt manzili ko'rsatilishi shart..