Web sayt test rejimida ishlamoqda!!!





Ilmiy kengash

E-kutubxona

Malaka va innovatsion oʻzgarishlar samarali professional taʼlim tizimiga keng yoʻl ochmoqda
Malaka va innovatsion oʻzgarishlar samarali professional taʼlim tizimiga keng yoʻl ochmoqda

Davlat va jamiyat taraqqiyoti, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari salohiyatini oshirishda oʻrta boʻgʻin mutaxassislari hamisha katta rol oʻynab kelgan. Taʼbir joiz boʻlsa, ular ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning “oltin oʻrtaligʻi”ni taʼminlashda muhim muvozanat kuchi hisoblanadi. Bu nafaqat tarixda, balki bugungi amaliyotda ham oʻz isbotini topgan hayotiy haqiqatdir.

“Pleymeyker-kadrlar” davri keldi

 

Boisi futbol tili bilan tushuntirganda, ular maydondagi yarim himoyachilarga oʻxshaydi. Aslida, eng koʻp qora mehnatni aynan shu amplua egalari bajarishsa-da, koʻpchilik buni sezmasligi mumkin. Vaholanki, nafaqat raqib darvozasini ishgʻol qilish, balki oʻz darvozasi daxlsizligini taʼminlashda aynan ularning xizmatlari beqiyos boʻladi.

Xoʻsh, Oʻzbekistonda mana shunday “pleymeyker-kadrlar”ni tayyorlash uchun nimalar qilinmoqda? Keling, ushbu savolga javobni quyida batafsil izlab koʻramiz.

Maʼlumki, keyingi yillarda yurtimizda ilm-fanga boʻlgan munosabat mutlaqo yangilandi, taʼlim sohasini tubdan isloh etish, ilmiy va innovatsion faoliyatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarga keng yoʻl ochildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — sifatli taʼlim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlashdan iborat.

Ushbu islohotlar asnosida kasb-hunar taʼlimi sohasida ham davlat siyosati oʻzgardi, xalqaro andozalarga mos professional taʼlim tizimi joriy etildi. ­Prezidentimizning 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni mazkur islohotlarning yana bir poydevoriga aylandi. Sababi, unga muvofiq, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekistonda Taʼlimning ­xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uygʻunlashgan yangi boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim darajalarini qamrab olgan professional taʼlim tizimi hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlari joriy etiladigan taʼlim muassasalari tashkil qilinib, mazkur ­dasturlar asosida tegishli kadrlar tayyorlaydigan oʻquv maskanlari roʻyxatlari tasdiqlandi.

Bunga mushtarak ravishda, professional taʼlim tizimida tegishli taʼlim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional taʼlim muassasalari tarmogʻi yaratildi.

Unga binoan, kasb-hunar maktablarida:

 

— maktablarning 9-sinf bitiruvchilariga 2 yillik kunduzgi taʼlim berilishi, oʻquvchilar ­Davlat byudjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan taʼminlanishi;

 

kollejlarda:

 

— kamida umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxs­larga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurtmasi hamda toʻlov-kontrakt asosida taʼlim berilishi;

 

texnikumlarda:

 

— umumiy oʻrta maʼlumotga ega boʻlgan shaxslarga kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam boʻlmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida davlat buyurt­masi hamda toʻlov-kontrakt aso­sida taʼlim berilishi, bitiruvchilar oʻz sohasiga mos bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy taʼlim muassasalarida 2-kursdan oʻqishni davom ettirish huquqiga ega boʻlishi belgilab qoʻyildi.

Pirovardida mazkur yoʻnalishlarda tahsil olayotganlar nafaqat zarur bilimlarni oʻzlashtirish­yapti, munosib kasb egasi boʻlishga intilmoqda, balki ular bosh­qalarga ham oʻrnak boʻlgan holda, jamiyatga oʻzlaridagi koʻnikma va tajribani uyg'unlashtirgan intellektual kapital bilan kirib borishlari uchun mustahkam zamin yaratildi.

Oddiy aytganda, yoshlarga faqat kun koʻrishni oʻrgatadigan emas, balki atrofidagilarga ham foydali nimanidir bera oladigan mexanizm shakllantirilmoqda. Bu esa, avvalo, oʻsha insonning oʻziga har jihatdan samarali boʻladi. Zero, buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy yozganidek, “nafʼing agar xalqqa beshakdurur, bilki, bu nafʼ ­oʻzungga koʻprakdurur”.

 

Mehnat bozorining bugungi ehtiyojlariga mos

 

Harakatlar strategiyasidagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarida ham ana shunday dolzarb yondashuvni koʻrish mumkin. Chunki unda uzluksiz taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, sifatli taʼlim xizmatlari imkoniyatlarini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish qatʼiy belgilab berilgan.

Aslida, xalqaro mehnat bozori, integratsion jarayonlarning jadallashuvi, raqamlashtirish, sanoatdagi texnologik inqiloblar davri ham aynan shuni talab qilyapti. Zarur malaka va koʻnikmalarga ega raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin mutaxassislari esa xalq­aro andozalarga mos professional taʼlim tizimida tayyorl­anadi.

Savol tugʻiladi: hozirgi kunda yurtimizda bu borada qanday ishlar olib borilyapti?

Gap shundaki, bu yoʻlda ayni paytda qator professional taʼlim muassasalari fao­liyati yoʻlga qoʻyildi. Oʻozir ularning soni 725 tani tashkil etyapti. Shulardan 339 tasi kasb-hunar maktabi, 201 tasi kollej, 185 tasi texnikumdir.

 

Zamonaviy standartlarni amalda qoʻllash — pirovard maqsad

 

Dastlabki qadam tashlandi. Xoʻsh, bu boradagi mantiqiy davomiylik taʼminlanyaptimi? Bu savolga oʻz faoliyatimiz misolida javob berishdan oldin davlatimiz rahbarining “Innovatsiya boʻlmas ekan, hech bir sohada raqobat, rivojlanish boʻlmaydi”, degan soʻzlarini yodga olish oʻrinli.

Zotan, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti aynan mazkur ­shiorni faoliyatining asosi sifatida belgilab olgan. Binobarin, nafaqat taʼlim muassasalari, balki umuman, sohada innovatsion muhit, yangi makon yaratish ishlari allaqachon ­boshlab yuborildi.

Xususan, tizimdagi rahbar va pedagog xodimlar uchun yangicha mezonlarda oʻquv kurslari tashkil etilyapti. Mazkur oʻquv yilida malaka oshirishning yangi yigirmaga yaqin modullari joriy qilinib, ular andragogika tamoyillariga asoslangani ham buning tasdigʻidir. Qolaversa, 200 dan ortiq vizuallashtirilgan va raqamlashtirilgan yangi elektron taʼlim resurslari bazasi yaratildi.

Institut ayni paytda kasb-hunar taʼlimini innovatsion rivojlantirish hamda rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish yoʻnalishlarida faoliyat olib bormoqda. Bular professional taʼlim tizimini innovatsion rivojlantirishning qoʻsh qanotidir, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Shunga yarasha tizimni qisqa vaqt oraligʻida rivojlantirish va jahon standartlariga toʻla mosligini taʼminlash maqsadida rivojlangan mamlakatlar hamda ­xalqaro tashkilotlarning ilgʻor tajribalari oʻrganilyapti. Mazkur jarayonda Germaniya, Shveysariya, Janubiy Koreya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlar, YUNESKO, Britaniya Kengashi, Germaniya xalq­aro hamkorlik jamiyati, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa taʼlim fondi, ­Turkiya hamkorlik agentligi, Xitoyning universitetlar uyushmasi kabi tashkilotlardan 200 dan ziyod nufuzli ekspertlar jalb etildi. Ulardan kerakli tajriba va xulosalar olindi.

Ayni chogʻda Belarusning Professional taʼlim respublika ins­tituti (RIPO) bilan professional taʼlim sifatini oshirish, milliy malaka tizimini joriy etish va WorldSkills standartlari asosida kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarini qamrab olgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Oʻz navbatida, davlatimiz rahbarining xorijiy migrantlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha belgilab bergan vazifalari ijrosini taʼminlash maqsadida Rossiya xalqlar doʻstligi instituti (RUDN) bilan oʻzaro aloqalar yoʻlga qoʻyilib, Oʻzbekistonda uning vakolatxonasi ochildi. Bu migrantlarga rus tilida muloqot qilish va rus tilida kasb oʻrgatish imkonini kengaytiradi.

 

Malaka oshirish va sifat oʻzaro uygʻunlashishi kerak

 

Maʼlumki, professional taʼlim tizimi rivoji rahbar va pedagog xodimlar malakasini oshirish qay darajada sifatli yoʻlga qoʻyilganiga ham bevosita bog'liq. Tabiiyki, bu yangicha qarashlarni talab qiladi. Bugun tashlanayotgan har bir qadam ham mavjud muammo va kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, koʻzlangan maqsadga qisqa vaqt oraligʻida erishishga xizmat qilishi lozim.

Shundan kelib chiqib, professional taʼlim tizimi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilib, hukumatga kiritildi.

Oʻz navbatida, rahbar va pedagog xodimlar, kasbiy faoliyat natijalari qayd etishning elektron portfoliosi (taʼlim platformasi) tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shunga asosan kasbiy faoliyat natijalari va erishgan yutuqlariga ­asosan rahbarlar hamda pedagog xodimlar muqobil, masofaviy, malaka oshirish taʼlim muassasalari va uygʻunlashgan holda malaka oshirishga jalb qilinadilar.

Tabaqalashtirilgan malaka oshirishni tashkil etishdan ­asosiy maqsad esa rahbar va pedagog ­xodimlar faoliyatini rag'batlantirish, ularning ishga boʻlgan qiziqishlari hamda oʻz ustida izlanishlarini kuchaytirishdir.

Shu bilan bir qatorda, boshqaruv va pedagog kadr­larning ilmiy-pedagogik salohiyatidan kelib chiqib, ularning kasbiy ehtiyojlarini qondirishga yoʻnaltirilgan uzluksiz malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash hamda oʻzlashtirish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, malaka oshirish oʻquv rejalariga bugungi zamon talablaridan kelib chiqqan holda va ­bosh­qaruv kadrlarining faoliyatini amalga oshirish uchun kerak boʻladigan yangi modullar kiritilib, bunda asosiy eʼtibor ­amaliyotga qaratilayotir. Oʻquv rejalardagi umumiy soatning kamida 70 foizi amaliy dars­larga ajratilgani shundan dalolatdir.

Qolaversa, institut negizida professional taʼlim tizimini raqamlashtirish laboratoriyasi tashkil etilyapti. Parallel ravishda professional taʼlim tizimining barcha turdagi meʼyoriy va metodik mahsulotlarini ­yaratish, ishlab ­chiqilgan materiallarni taʼlim platformasida keng muhokamaga qoʻyish va yakuniy xulosalarga asosan tayyorlangan mahsulotlarni tajriba-sinov uchun amaliyotga kiritish boʻyicha ham saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

 

Ustalarning roli qonunda mustahkamlab qoʻyildi

 

Yangi tahrirda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunda professional va oliy taʼlim, kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish jarayonida amaliyotning roli alohida taʼkidlandi.

Xususan, mutaxassis tayyorlash jarayonida ishlab chiqarish taʼlimi ustalarining roli mustah­kamlab qoʻyildi. Shundan kelib ­chiqib, institut huzurida ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini ­kasbiy faoliyatga tayyorlash va ularning uzluksiz malakasini oshirish markazini tashkil etishga kirishildi.

Bunda professional taʼlim muassasasida ish faoliyatini boshlayotgan ustalarni pedagogik jamoaga olib kirish va taʼlim muassasasining ish faoliyatiga moslashuviga yordam berish, ularni amaliy mashgʻulotlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha zamonaviy samarali pedagogik texnologiyalar bilan qurollantirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, oʻsmirlar va katta yoshdagilarni oʻqitishga qaratilgan psixologik xizmatlar koʻrsatish, Worldskills hamda boshqa xalqaro kasbiy koʻrik-tanlovlarga oʻquvchi va talabgorlarni tayyorlab borish ham belgilangan.

Bundan tashqari, mazkur markazda professional taʼlim muassasalari guruh rahbarlarini tayyorlash uchun oʻquvchilar bilan ishlash, ular psixologiyasini oʻrganish va metodik taʼminlashga qaratilgan qisqa muddatli anʼanaviy, onlayn, offlayn kurslar tashkil etiladi.

 

Natijadorlik — bosh mezon

 

Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivoj­lantirish chora-tadbirlari toʻg'risida”gi Farmoni hamda “Taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu yoʻldagi yana bir muhim dasturil­amal, sohaga inqilobiy oʻzgarishlar olib kiradigan, rivojlanish nuqtalari belgilab berilgan “yoʻl xaritalari”dir.

Ushbu tarixiy hujjatlar ijrosi zamon talablariga har tomonlama javob beradigan kadrlarni tayyorlash, sohaga masʼul mutasaddilar va pedagoglarning malakasini sifatli oshirishga xizmat qiladi.

Shu maʼnoda, institut faoliyatida dual taʼlim prinsiplariga asoslangan tizimni joriy etish, professional taʼlim sohasida oʻz-oʻzini moliyalashtirish salohiyatini hosil qilish masalalari alohida oʻrin tutadi. Ayni paytda, rahbar va pedagog xodimlarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishning modul-kredit usulini amalga kiritish ustida ham ishlar olib borilmoqda.

Yuqorida aytib oʻtganimizdek, professional taʼlim sohasida davlat siyosati taʼlimning natijadorligiga erishishga qaratilgandir. Bu eskicha yondashuvlardan voz kechib, kadrlar tayyorlash jarayoniga innovatsion taʼlim texnologiyalarini jadal surʼatlarda tatbiq etishni nazarda tutadi.

Shunday ekan, bizning muassasamiz ham aynan mazkur talablardan kelib chiqqan holda oʻz faoliyatini yana-da jadal, yangiliklarga tashnalik ruhi bilan davom ettiradi. Bu borada xorijiy tajribalar asosida pedagog xodimning malaka oshirishga boʻlgan ehtiyojini oʻrganish, malaka oshirish kurslariga jalb etishning yangi mexanizmlari va metodik taʼminotini yaratish, har bir tinglovchining aynan qanday bilim yoki maʼlumotlarga ehtiyoji mavjudligini aniqlab, qanoatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish biz uchun hamisha dolzarb boʻlib qolaveradi.

 

 

Zayniddin XUDOYBERDIYEV,
Pedagogik innovatsiyalar, kasb-hunar taʼlimi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va
ularning malakasini oshirish instituti direktori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Manba "Xalq so'zi" nashrining 13.12.2020 dagi 262-soni

Barcha huquqlar himoyalangan. © 2004-2021. Ushbu saytda chop etilgan materiallarning to'liq yoki qisman ishlatilishida va keltirilishida rasmiy sayt manzili ko'rsatilishi shart..