Pirovard maqsadimiz zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga qaratilgan
Pirovard maqsadimiz zamonaviy mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlashga qaratilgan

Keyingi yillarda yurtimizda ilm-fanga munosabat tubdan o‘zgardi. Ta’lim sohasini isloh etish, ilmiy va innovatsion faoliyatni har tomonlama qo‘llab- quvvatlashga qaratilgan islohotlarga keng yo‘l ochildi. Sifatli ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash yangilanishlarning pirovard maqsadiga aylandi.

   Shu islohotlar jarayonida kasb-hunar ta’limi sohasiga ham zamonaviy tamoyillar olib kirildi. Xalqaro andozalarga mos professional ta’lim tizimi joriy etildi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2019 yil 6 sentabrdagi "Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni mazkur islohotlarning mustahkam poydevoriga aylandi. Sababi, unga muvofiq, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistonda Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim darajalarini qamrab olgan professional o‘qitish tizimi hamda tabaqalashtirilgan o‘quv dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tashkil qilindi. Mazkur dasturlar asosida tegishli kadrlar tayyorlaydigan o‘quv maskanlari ro‘yxati tasdiqlandi.

   Shunga hamohang tarzda professional o‘qitish tizimida tegishli ta’lim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional o‘quv muassasalari tarmog‘i yaratildi. Ayni paytda yurtimizda 339 ta kasb-hunar maktabi, 201 ta kollej, 185 ta texnikum faoliyat yurityapti.

   Harakatlar strategiyasidagi ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sifatli ta’lim xizmatlari imkoniyatini oshirish, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish zarurligi qat’iy belgilab berilgan.

   Zotan, xalqaro mehnat bozori, integratsion jarayonlarning jadallashuvi, raqamlashtirish, sanoatdagi texnologik inqiloblar davri ham aynan shuni talab qilyapti. Zarur malaka va ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari xalqaro andozalarga mos, professional ta’lim tizimida tayyorlanadi.

   Shu ma’noda, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti nafaqat ta’lim muassasalari, balki sohada innovatsion muhit, yangi makon yaratish ishlariga izchil kirishgan.

   Jumladan, tizimdagi rahbar va pedagog xodimlar uchun yangicha mezonlarda o‘quv kurslari tashkil etilyapti. Mazkur o‘quv yilida malaka oshirishning yigirmaga yaqin yangi moduli joriy qilindi. Ikki yuzdan ortiq vizuallashtirilgan va raqamlashtirilgan yangi elektron ta’lim resurslari bazasi yaratildi.

   Institut ayni paytda kasb-hunar ta’limini innovatsion rivojlantirish hamda rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish yo‘nalishlarida faoliyat olib bormoqda. Tizimni qisqa vaqt oralig‘ida rivojlantirish va jahon standartlariga to‘la moslashtirish maqsadida rivojlangan mamlakatlar hamda xalqaro tashkilotlarning ilg‘or tajribalari o‘rganilyapti. Jarayonda Germaniya, Shveysariya, Janubiy Koreya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlar, YuNESKO, Britaniya kengashi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa ta’lim fondi, Turkiya hamkorlik agentligi, Xitoyning Universitetlar uyushmasi kabi tashkilotlardan ikki yuzdan ortiq nufuzli ekspertlar jalb etildi.

   Ulardan zarur tajriba va xulosalar olindi.

   Belarus Respublikasining Professional ta’lim respublika instituti bilan professional ta’lim sifatini oshirish, milliy malaka tizimini joriy etish va WorldSkills standartlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarini qamrab olgan hamkorlik memorandumi imzolandi. Davlatimiz rahbari tomonidan xorijiy migrantlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar doirasida Rossiya xalqlar do‘stligi instituti bilan hamkorlik o‘rnatilib, O‘zbekistonda uning vakolatxonasi ochildi. Bu migrantlarga rus tilida muloqot qilish va rus tilida kasb o‘rgatish imkonini kengaytiradi.

   Professional ta’lim rivoji sohada mehnat qilayotgan rahbar va pedagog xodimlar malakasini oshirish qay darajada sifatli yo‘lga qo‘yilganiga ham bevosita bog‘liq. Shu ma’noda, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26 fevraldagi "Professional ta’lim muassasalarining boshqaruv hamda pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, ko‘zlangan maqsadga qisqa vaqt oralig‘ida erishishga xizmat qiladi.

   Qarorga muvofiq, rahbar va pedagog xodimlar, kasbiy faoliyat natijalari qayd etishning elektron portfoliosi (ta’lim platformasi) tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shunga ko‘ra, kasbiy faoliyat natijalari va erishgan yutuqlariga, asosan, rahbarlar hamda pedagog xodimlar muqobil, masofaviy, malaka oshirish ta’lim muassasalari va uyg‘unlashgan holda malaka oshirishga jalb qilinadi.

   Shuningdek, qarorga asosan, bosh- qaruv va pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik salohiyatidan kelib chiqib, ularning kasbiy ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan uzluksiz malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash hamda o‘zlashtirish imkoniyati yaratildi. Malaka oshirish o‘quv rejalariga bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda, boshqaruv kadrlarining faoliyatini amalga oshirish uchun zarur yangi modullar kiritilib, asosiy e’tibor amaliyotga qaratildi. O‘quv rejalardagi umumiy soatning kamida yetmish foizi amaliy darslarga ajratilgani shundan dalolat beradi.

   Institut negizida professional ta’lim tizimini raqamlashtirish laboratoriyasi tashkil etilyapti. Parallel ravishda professional ta’lim tizimining barcha turdagi me’yoriy va metodik mahsulotlarini yaratish, ishlab chiqilgan materiallarni ta’lim platformasida keng muhokamaga qo‘yish va yakuniy xulosalarga asosan tayyorlangan mahsulotlarni tajriba-sinov uchun amaliyotga kiritish bo‘yicha ham sa’y-harakatlar olib borilmoqda.

   Institut faoliyatida dual ta’lim prinsiplariga asoslangan tizimni joriy etish, professional ta’lim sohasida o‘z-o‘zini moliyalashtirish salohiyatini hosil qilish masalalari alohida o‘rin tutadi. Vazirlar Mahkamasining shu yil 29 martdagi "Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari haqida"gi qarori bu boradagi ishlarimizni jadallashtiradi.

   Mamlakatimizda professional ta’lim bo‘yicha yuritilayotgan davlat siyosati ta’limning natijadorligiga qaratilganini sohada xizmat qilayotgan har bir mutaxassis yaxshi anglaydi. Zero, amalga oshirilayotgan bu islohotlar eskicha yondashuvlardan voz kechib, kadrlar tayyorlash jarayoniga innovatsion ta’lim texnologiyalarini jadal sur’atda tatbiq etishni nazarda tutadi.

   Muassasamiz ham aynan mazkur talablardan kelib chiqqan holda, faoliyatini yanada jadal, yangiliklarga tashnalik ruhida davom ettiradi. Xorijiy tajribalar asosida pedagog xodimlarning malaka oshirishga, zarur bilim yoki ma’lumotlarga mavjud ehtiyojini aniqlash va qondirish, ularni malaka oshirish kurslariga jalb etishning yangi mexanizm va metodik ta’minotini yaratish biz uchun hamisha dolzarb vazifa bo‘lib qoladi.

Barcha huquqlar himoyalangan. © 2004-2021. Ushbu saytda chop etilgan materiallarning to'liq yoki qisman ishlatilishida va keltirilishida rasmiy sayt manzili ko'rsatilishi shart..