O‘zbekistonda professional ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Shveysariya grant loyihasi muhokama qilindi
O‘zbekistonda professional ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Shveysariya grant loyihasi muhokama qilindi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida Shveysariya hukumatining “O‘zbekistonda professional ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” grant loyihasini muhokama qilish maqsadida xalqaro ekspert Andreas Gerris boshchiligidagi Shveysariyaning taraqqiyot va hamkorlik agentligining Markaziy Osiyo bo‘yicha delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

    Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi guruh xalqaro ekspert A.Gerris, Shveysariya elchixonasining milliy dasturlar koordinatori D.Abidjanova, loyiha xalqaro menejeri B.Stienxof va loyihaning milliy maslahatchisi doktor F.Rashidovalardan iborat shveysariyalik loyiha guruhini qabul qildi.

  Uchrashuvda “O‘zbekistonda professional ta’lim islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” grant loyihasini amalga oshirish masalalari, xususan, ijrochilar, maqsad va kutilayotgan asosiy natijalar muhokama qilindi. Shuningdek, loyihaning birinchi bosqichi 2021 yil dekabr oyida boshlanishi bildirildi.

   Tomonlar ushbu loyiha bo‘yicha faol va samaradorligi yuqori bo‘lgan ishlarning birgalikda olib borilishi kutilgan natijalarga erishish imkonini berishini qayd etishdi.

   Muloqot chog‘ida Andreas Gerris O‘zbekistonda professional ta’lim sohasida ham so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida qayd etdi.

 

   Loyihaning umumiy davomiyligi 12 yil bo‘lishi kutilmoqda, bunda loyiha har biri 4 yillik 3 bosqichda amalga oshiriladi.

   Loyihani amalga oshirish jarayonida quyidagilarga erishish maqsad qilingan:

   – kasb-hunar ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish;

   – shaffof ta’lim sifatini ta’minlash va monitoring qilish;

   – menejment va o‘qituvchilar malakasini xalqaro standartlarga moslashtirish;

   – kasb-hunar ta’limida tadbirkorlik sub’ektlari va ish beruvchilar bilan hamkorlikni tizimlashtirish.

  Uchrashuv yakunida ikki tomondan loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etishda belgilangan yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha birgalikda ishlashga tayyor ekanliklari bildirildi.

    

    Manba: https://edu.uz/

Barcha huquqlar himoyalangan. © 2004-2021. Ushbu saytda chop etilgan materiallarning to'liq yoki qisman ishlatilishida va keltirilishida rasmiy sayt manzili ko'rsatilishi shart..