Web sayt test rejimida ishlamoqda!!!





Ilmiy kengash

E-kutubxona

Oʻzbekistonda ilk bor Milliy malakalar ramkasi tasdiqlandi
Oʻzbekistonda ilk bor Milliy malakalar ramkasi tasdiqlandi

Joriy yilning 15-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida Kasbiy malakalar, bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish milliy tizimi faoliyatini tashkil etish choralari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malakalar ramkasi hamda Kasbiy malakalar, bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish milliy tizimi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Maʼlumki, oʻtgan yillar mobaynida mamlakatimizdagi professional taʼlim dasturlari YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uygʻunlashmaganligi, oʻquv jarayoniga Oʻzbekistonning Milliy kvalifikatsiya tizimi toʻlaqonli joriy etilmaganligi tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida munosib oʻrin egallashlariga toʻsqinlik qilib kelayotgan edi.

Bu esa oʻz navbatida kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarini tugallagan yoshlarimiz xorijiy davlatlarda oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishlashlariga ham imkon bermayotgan edi.

Ayni kamchiliklarni bartaraf etish, mavjud kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan isloh qilish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda mutlaqo yangi professional taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5812-son Farmoni qabul qilingan edi.

Mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi taʼminlash maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston-Shveysariya “Oʻzbekistonda kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirish” loyihasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek Oʻzbekistonda samarali faoliyat yuritayotgan xorijiy loyihalar ekspertlari bilan birgalikda 20 dan ortiq xorijiy davlatlarning (Germaniya, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozogʻiston, Belorus Respublikasi, Moldovo) tajribalari oʻrganilib, Oʻzbekistonda ilk bor Milliy malakalar ramkasi ishlab chiqildi.

Shuningdek, bugungi kunda tarmoq kvalifikatsiya ramkalari, kasb va mutaxassisliklar boʻyicha professional standartlar hamda tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlarini yaratish va yangi oʻquv yilidan joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Milliy malakalar ramkasining tasdiqlanishi mehnat bozorida noformal tarzda taʼlim olgan minglab hamyurtlarimizni kvalifikatsiyalarini tan olinishiga imkon beradi va ular oʻz bilim, koʻnikma va malaka darajasiga mos kasb va mutaxassisliklar boʻyicha ishlay olishlariga imkoniyat yaratadi.


Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy malakalar tarmoqlar malakalar ramkalari, kasb va taʼlim standartlari, milliy va xalqaro darajada malakalarni tan olishning kasbiy taʼlimning barcha darajalari uchun yagona mexanizmlarni nazarda tutuvchi, malakalarni tarmoqlararo va xalqaro taqqoslashni taʼminlovchi kompetensiyani baholash tizimi Kasbiy malakalar, bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish milliy tizimining institutsional komponenti va asosi hisoblanadi.

Barcha huquqlar himoyalangan. © 2004-2020. Ushbu saytda chop etilgan materiallarning to'liq yoki qisman ishlatilishida va keltirilishida rasmiy sayt manzili ko'rsatilishi shart..