Anarboy Rustamovich Xodjabaev tavalludining 80 yil va ilmiy pedagogik faoliyatiga 60 yiligi
Anarboy Rustamovich Xodjabaev tavalludining 80 yil va ilmiy pedagogik faoliyatiga 60 yiligi

Xalqaro pedagogika ta’limi fanlari Akademiyasi akademigi, pedagogika fanlari doktori, professori Anarboy Rustamovich Xodjabaev tavalludining 80 yil va ilmiy pedagogik faoliyatiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan 28 yanvar kuni Pedagogik innovatsiyalar institutida keng nishonlandi.

   Ushbu tadbirga Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazir o‘rinbosari M.Xolmuxamedov, Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Q.Olimov, Q.Niyoziy nomidagi Toshkent davlat Pedagogika universiteti qoshidagi Malaka oshirish tarmoq markazi direktori, p.f.d., prof. N.Muslimov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi direktor o‘rinbosari O.Qo‘ysinov va boshqa ko‘plab tashkilot olimlari tashrif buyurib, olimni muborak yoshi bilan tabrikladilar.

   Anarboy Rustamovich Xodjabaev 1941 yilda Angren shahari yaqinidagi Qorabog‘ qishlog‘ida tavallud topgan. 1963-1967 yillarda esa Toshkent politexnika institutining mexanika fakultetida tahsil oladi va institutni muvaf-faqiyatli tugatgach, o‘zining mehnat faoliyatini Toshkent elektromexanika texnikumida 1967-1969 yillarda maxsus fanlardan saboq berishdan boshladi.

   Ilmga chanqoq bo‘lajak olim 1969-1971 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Hisoblash markazi Kibernetika instituti aspiranti sifatida ilmiy izlanishlar olib boradi.  Natijada 1974 yilda “Paxta terish apparati shpindelining geometrik parametrlarini optimallashtirish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.

   U 1976-1996 yillar davomida Toshkent viloyati davlat Pedagogika institutida katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri, sanoat pedagogika fakulteti dekani, katta ilmiy xodim (doktorant) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatadi. 1992 yilda “Mehnat ta’limi o‘qituvchilarini tayyorlashda o‘quv-uslubiy majmuani ilmiy-pedagogik asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, pedagogika fanlari doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi.

  1996-1998 yillarda Respublika hunar ta’limi ilmiy tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha muovini, 1998-2005 yillarda rektorining ilmiy ishlari bo‘yicha hamda ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori hamda muommolari laboratoriyasi mudiri lavozimlarida faoliyat olib bordi. 2004-2018 yillarda, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi kadrlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida loyiha rahbari, bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida, 2018 yildan Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida katta ilmiy xodimi lavozimida ishlab kelmoqda.

   Olim o‘zining butun ilmiy-pedagogik faoliyatini bo‘lajak mehnat ta’limi va kasb-hunar ta’limi nazariyasi va amaliyoti muammolarini hal etish, o‘qitish metodlarini rivojlantirishga, ezgu ishlarni amalga oshirishga bag‘ishladi.

  Anarboy Rustamovich O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bo‘yicha Davlat ta’lim standartlari, tarmoq ta’lim standartlari, tayyorlov yo‘nalishlari, kasblar va ixtisosliklar tasniflagich-larini ishlab chiqish va yaratishga bevosita rahbarlik qildi. U pedagog kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish konsepsiyasining asoschilaridan hisoblanadi.

  Olimning “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish amaliyoti”, “Mehnat ta’limi o‘qituvchilarini tayyorlash” bo‘yicha o‘quv-uslubiy majmuasi, “Avtomobil fanidan ma’ruzalar o‘qitish metodikasi”, “Kasbiy ta’lim metodologiyasi”, “Kasbiy ta’limda o‘qitish vositalaridan foydalanish metodikasi” kabi qator darslik va boshqa bir qancha o‘quv qo‘llanmalar, shuningdek, paxta terish mashinasi mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha 3 ta umumkasbiy va maxsus fanlarni o‘qitish metodikasi bo‘yicha 5 ta mualliflik patenti, jurnallarda 170 ga yaqin ilmiy-uslubiy maqolalar e’lon qilgan.

  Olim kasb-hunar ta’limi, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni ta’lim tizimiga joriy etish borasida o‘z ilmiy maktabini yaratgan ustoz sifatida tanildi.

  A.R.Xodjabaev rahbarligida 20 nafar shogird ilmiy darajaga ega bo‘lib, ular mamlkatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida turli sohalar bo‘yicha faoliyat olib bormoqdalar. Ulardan 2 nafari fan doktori, 18 nafari fan nomzodi ilmiy darajasini egallagan.

  Anarboy Rustamovich 1997-2008 yillarda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish instituti qoshidagi 13.00.08 - Hunar ta’limi nazariyasi va uslubiyati bo‘yicha Ixtisoslashgan kengashi raisi, 2008 yildan 2011 yilga qadar Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti huzuridagi K.067.18.01 - raqamli Birlashgan ixtisoslashgan kengash (“Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi” bo‘yicha) raisi o‘rinbosari. 2017 yildan hozirgi kunga qadar Pedagogik innovatsiyalar instituti huzuridagi 13.00.05 - Kasb-hunar ta’limi nazariyasi va metodikasi ixtisosligi bo‘yicha DSc.03. 30.12.2019. Ped.48. 01 raqamli Ilmiy kengash raisi o‘rinbosari va ilmiy metodik kengash raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

   Hozirgi kunda olim O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talabalari asosida kasb-hunar ta’limi uchun pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning nazariy va amaliy muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish bilan birga 10 nafardan ortiq doktorant va mustaqil izlanuvchi hamda 5 nafar magistrantlarga ilmiy raxbardir.

   Umumiy va kasbiy pedagogika ta’lim sohasini rivoj-lantirishga qo‘shgan hissasi, salmoqli nazariy va amaliy tadqiqotlari uchun A.R.Xodjabaevga 2004 yilda Halqaro pedagogika Fanlari Akademiyasining Akademigi unvoni berildi.

   Xodjabaev Anarboy Rustamovich ko‘p yillik ilmiy pedagogik faoliyati va samarali mehnatlari uchun “Ittifoq ixtirochisi” (1982), O‘zbekiston Respublikasi Xalq maori-fi a’lochisi (1981), O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim a’lochisi (1999), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim fidoyisi (2001), Toshkent shahar Xalq ta’limi fidoyisi (2001) “Kasb-hunar ta’limi” a’lochisi (2011) ko‘krak nishonlari va faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.

   Zaxmatkash olim va bir qancha shogirlarning ustozi A.R.Xodjabaev o‘zining muborak 80 yoshini ma’naviy merosimizni targ‘ib qilish, ta’lim tarbiya ishida ulkan muvaffaqiyatlar bilan kutib olish arafasida turibdi.

   Eng muhimi olim el ardog‘ida, o‘qituvchi va talabalar hurmatiga sazovordir. Ustozga sihat-salomatlik, yangidan yangi ijodiy izlanishlar tilaymiz.

                                                                                                                                   Institut jamoasi

Barcha huquqlar himoyalangan. © 2004-2021. Ushbu saytda chop etilgan materiallarning to'liq yoki qisman ishlatilishida va keltirilishida rasmiy sayt manzili ko'rsatilishi shart..