Web sayt test rejimida ishlamoqda!!!





Ilmiy kengash

E-kutubxona

«Kelajak kasb-hunar kollejlari». O‘zbekistonda kasbiy ta’lim qanday o‘zgaradi?
«Kelajak kasb-hunar kollejlari». O‘zbekistonda kasbiy ta’lim qanday o‘zgaradi?

O‘zbekistonda ta’lim yo‘nalishi o‘zgarib bormoqda, islohotlar ham juda ko‘p. Endilikda ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda? O‘quvchilar maktabni bitirgandan so‘ng kasb-hunar kollejiga bora oladimi va o‘z karerasini qura oladimi?

O‘zbekistonda ta’lim yo‘nalishi o‘zgarib bormoqda, islohotlar ham juda ko‘p. Endilikda ta’lim sohasida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda? O‘quvchilar maktabni bitirgandan so‘ng kasb-hunar kollejiga bora oladimi va o‘z karerasini qura oladimi?

Kasb-hunar ta’limi faoliyati islohotlarida e’tiborimizni tortgan ilk narsa — kollejga endi faqatgina ongini o‘zgartirishga qodir insonlargina keladi va ta’lim oladi.



Ta’lim sohasiga aloqador savollar bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari, kasb-hunar ta’limi markazi direktori Xolmuhammedov Murodilla Mahmudovichga yuzlandik.

— Kasb-hunar ta’limi o‘zi aslida nima? Biz uni qanday tushunishimiz kerak?

— Ilgari kasb-hunar ta’limi deganda oddiy duradgorlikni o‘rgatish kabilar ko‘z oldimizga kelardi. Kasb-hunar ta’limi deganda uning mohiyatini ochib berish qiyin, professional ta’lim deganda esa haqiqiy professionallarni tarbiyalovchi, oddiydan murakkabga qarab shakllantiruvchi tizimni tushunish mumkin bo‘ladi.



Ta’limning birinchi buyurtmachisi kim? Albatta, iqtisodiyot. Iqtisodiyotning har bir loyihasini amalga oshirish uchun asosiy uchta resurs lozim bo‘ladi: moliyaviy, moddiy va kadr resurslari. Prezidentimiz boshlab bergan islohotdan keyin ta’limning yangi konsepsiyasi shakllantirila boshlandi.

Miyada 6 mlrd neyron bor va u 5 yoshga qadar shakllanadi. Shuning uchun ham 5 yoshda individda ilk dunyoqarash shakllanadi, 12 yoshda esa shaxs shakllanadi. Bunga qarama-qarshi o‘laroq, maktabgacha ta’lim bizda e’tibordan chetda qolib ketgan. Undan keyingi mehnat umumiy o‘rta ta’lim har qancha pishiq bo‘lganda ham poydevor sust bo‘lganligi uchun ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmagan. Individning 2-3 yoshida qilinadigan investitsiya keyin qilinadigan investitsiyadan 10 chandon samaraliroq natija beradi. Shuni tushunib yetgan holda, maktabgacha va maktab ta’limi borasida kuchli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bundan keyingi bosqich esa professional ta’lim.



BMTning kasb-hunarni klassifikatsiya qiluvchi hujjati mavjud. Unda professional ta’limning har bir bosqichida o‘rganish kerak bo‘lgan ko‘nikma va malakalar belgilangan. Ko‘nikma shakllangandan keyin amalga oshadigan funksiyalar klassifikatsiyalanadi. Birinchisi, standart amaliyotni bajarish. Unga olti oydan to‘qqiz oygacha bo‘lgan ta’lim dasturlari belgilanadi. Ikkinchisi, mustaqil ravishda hujjatni o‘qib, uni amalga oshira olish. Uchinchisi, holatni tahlil qilib, mustaqil qaror qabul qila olish hisoblanadi. Keyingi bosqichda jamoada ishlash ko‘nikmasi shakllantiriladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida mehnat bozori o‘rganilmoqda. Mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash nazarda tutilmoqda.

— O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi amalda mavjud. Kelgusida bu ta’lim tizimining qaysi dolzarb nuqtalari o‘zgarishi, yangilanishi kutilmoqda?

— Hozirgi islohotlarning asosiy prinsipi — tanqidiy tahlil. Tanqidiy tahlil qiladigan bo‘lsak, kasb-hunar ta’limining insonlar hayoti, karera qilish yo‘nalishi bilan nomutanosibligi ko‘zga tashlanadi. O‘zini ilm-fanga bag‘ishlab, oliygohga kirishni maqsad qilganlar uchun umumta’lim fanlarini to‘liq o‘zlashtirish imkoni ham mavjud. Shu barobarda, professional ta’limga o‘zini bag‘ishlagan, oliy ta’limni maqsad qilmagan, kichik biznes ochishni rejalashtirayotganlar uchun ham ta’lim dasturi mavjud.



Kasb-hunar ta’limi ilgari faqatgina to‘qqizinchi sinf bitiruvchilari uchun mo‘ljallangan edi. Harbiy xizmatga borib kelganlar yoki ikkinchi mutaxassislikni o‘zlashtirmoqchi bo‘lganlar uchun imkoniyat mavjud emas edi.

Hozir belgilab berilgan tizim esa hamma uchun ochiq, ixtiyoriy yoshda ixtiyoriy yo‘nalish bo‘yicha tahsil olish mumkin. Mehnat bozoridagi talab, shuningdek, shaxsiy karera borasidagi rejalarning o‘zgarishi natijasida tanlov imkoniyati mavjud.

— Bu ta’lim tizimi doirasidagi xizmatlar odamlarga qay tartibda tanishtiriladi? Kimga pulli va kimga bepul?

— YuNESKO talabi bo‘yicha 9 yillik majburiy ta’lim tavsiya qilinadi. Bizda esa 11 yillik kafolatlangan ta’limga o‘tildi. Ma’lum ijtimoiy muhofazaga muhtoj aholi qatlamlari uchun bu ta’lim moliyalashtirib beriladi. Qolgan hollarda moliyalashtirish manbalari sifatida shaxsiy jamg‘armalar, ta’lim kreditlari, kadrga buyurtmachi bo‘lgan korxonalarning to‘lovi xizmat qilishi mumkin. Bu ham xalqaro talabga mos, ham yangicha yondashuv.

— Uning davomiyligi, o‘qitilish sharoitlari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Oldingi ta’lim standarti faqat uch yillik bo‘lgan. Qaysi yo‘nalish bo‘lishidan qat’iy nazar. Vaholanki, tibbiyot yo‘nalishida egallanishi kerak bo‘lgan ko‘nikma bilan qurilish sohasida o‘rganiladigan bilimlar turlicha muddatni talab qiladi.

Hozirda o‘zlashtiriladigan bilimning hajmidan, kadr bajarishi kerak bo‘ladigan mehnat operatsiyasining murakkablik darajasidan kelib chiqqan holda o‘quv muddati belgilanadi. Kasbiy ta’lim, kasbga o‘rgatish bosqichlari bo‘yicha o‘rgatiladi. Kasbiy ta’limning ham bir necha bosqichlari bor: boshlang‘ich kasb ta’limi, o‘rta kasb ta’limi, o‘rta maxsus ta’lim, oliy professional ta’lim.



Xalqaro amaliyotda qo‘shimcha kasb ta’limi ham o‘rgatiladi. Shularning barchasi professional kadrni tayyorlash strukturasini tashkil etadi.

— Ilgari kasb-hunar ta’limida mavjud bo‘lgan muammolarga qanday yechimlar taklif qilinmoqda? Misol uchun, o‘qituvchi ko‘rgazmali o‘quv qurollarisiz dars o‘ta olmasligi mumkin...

— Ta’lim jarayonini faqatgina auditoriyada, sinf xonasida nazariy bilimlarni o‘qitish, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishning esa nazardan chetda qolib ketishi ham tanqidga sabab bo‘lgan jihatlardan biri bo‘ldi.

Har qanday ta’limning pirovard natijasi raqobatbardosh kadrning paydo bo‘lishi hisoblanadi. Bilim va ko‘nikma bir nuqtada birlashtirilgandagina mehnat bozori talablariga javob beradigan, yalpi ichki mahsulotning ortishiga xizmat qiladigan kadr shakllanishiga erishish mumkin.



Ilgarigi kollejlardan qolgan moddiy-texnik bazadan oliy ta’lim tizimini takomillashtirish maqsadida foydalanish ko‘zlanmoqda. Mehnat bozori talablariga javob beradigan, har bir soha bo‘yicha alohida vazirlikka biriktiriladigan kollejlar ham ishlamoqda. Yana biri qishloq hududlarida tashkil etilayotgan, O‘zbekiston uchun yangilik hisoblangan klasterlarga kadr resurslarini yetkazib beruvchi muassasalar.

Ilgari kollej faqat diplom beradi deb tanqid qilinardi. Bilim, amaliy ko‘nikma, har qanday yangilikni qabul qila olish va moslashish qobiliyatlari shakllantirilishi kerak. Tan olish kerak, avvallari o‘quv jarayoni faqat sinf xonasida nazariy tushuntirish bilan olib borilardi. Hozir esa o‘z sohasi bo‘yicha bevosita jarayonning o‘zida ishtirok etib, ko‘nikma hosil qilish prinsipi yetakchilik qilmoqda. Ta’lim texnologiyalarining yangicha formatdagi avlodini jarayonga tatbiq qilish masalasi ham ko‘rilmoqda.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
 
 
 

Barcha huquqlar himoyalangan. © 2004-2020. Ushbu saytda chop etilgan materiallarning to'liq yoki qisman ishlatilishida va keltirilishida rasmiy sayt manzili ko'rsatilishi shart..